Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Koson tuman boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.K. 10 000 soʻmlik kupyuradagi 339 dona 3 million 390 ming soʻm qalbaki pullarni fuqaro S.N.ga 2 million soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Tadbir davomida Sh.K. ushbu qalbaki pullarni fuqaro Sh.L.dan, Sh.L. esa fuqaro D.M.dan olganliklarini maʼlum qilgan.

Shu asosda, tezkor tadbir davom ettirilib, Sh.L. hamda D.M.lar qalbaki pullar uchun 2 million soʻmni olgan vaqtida ushlanib, ulardan qalbaki pul ishlab chiqarishda foydalanganlikda gumonlanib “EPSON” rusumli rangli printer ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.K., Sh.L. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.