Yaqinda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida shunday murakkab operatsiya oʻtkazildi. U muassasa direktori Murod Irismetov boshchiligida va shifokor Sanjar Qodirov assistentligida amalga oshirildi.
Bemor Nurali Roʻziyev Qashqadaryodan, 28 yoshda. U bir necha yildan beri chap yelka boʻgʻimining tez-tez chiqib ketishidan aziyat chekib kelgan.
— 2019-yildan beri chap yelkam chamasi 40-martaga yaqin chiqib ketdi, — deydi bemor. — Hatto uxlayotganimda ham shunday holat takrorlanaverdi. Soʻnggi marta ogʻriq zoʻrayganidan qoʻlimni harakatlantirolmay qoldim. Shu sababli ushbu markazga murojaat qildim.
— Joriy yilning 1-fevralidan markazimizda Artroskopiya boʻlimi faoliyat boshladi, — deydi muassasa direktori Murod Irismetov. — Bu kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ana shu boʻlimda oʻtkazilmoqda. Yelka boʻgʻimi qon-tomir va mushaklarga boy. Shuning uchun tananing bu sohasidagi ochiq operatsiyalar ancha xavfli boʻlishi, bemor koʻp qon yoʻqotishi va unda nevrologik asoratlar paydo boʻlishi mumkin. Artroskopiya esa kasallikni samarali davolashga yordam beradi. Ushbu operatsiya odatda bir yarim soatgacha davom etadi. Biz mazkur amaliyotni 60 daqiqada bajardik.
Shifokorning taʼkidlashicha, operatsiya kichik kesmalar orqali amalga oshirilgani sababli bemor tez va oson oʻzini tiklab oladi. Uch-toʻrt haftadan soʻng odatiy hayotga qaytadi. Besh-olti oydan keyin esa sport bilan faol shugʻullanishi mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy yil yakuniga qadar 2 mingdan ortiq shunday murakkab amaliyotlarni oʻtkazish rejalashtirilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.