Bugun, 11-oktyabr kuni soat 14:21 da Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Beshqayragʻoch koʻchasida oqova (chiqindi) suvlari uchun moʻljallangan chuqurlik (kotlovan) qazish vaqtida oʻpirilish sodir boʻlib, 3 nafar fuqaro tuproq ostida qolib ketganligi taxmin qilinmoqda. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa joyiga yetib borgan 2 ta qutqaruv otryadi 16 nafar qutqaruvchilari tomonidan tuproq ostida qolib ketgan fuqarolarni qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Uchtepa tuman hokimligi "Beshqayrogʻoch" koʻchasida olib borilayotgan qurilishda 2 kishi halok boʻlganini tasdiqladi.

Haqiqatdan ham Uchtepa tumani "Beshkayrogʻoch" koʻchasida olib borilayotgan kollektor kurilishida (kotlovan qazish vaqtida) 5 nafar  "Shafoat" maʼsuliyati cheklangan jamiyat xodimlari ishlayotgan boʻlgan. Ammo, tuproq koʻchishi natijasida 2 nafar ishchi xodim hayotdan koʻz yumgan, 1 nafar xodim ayni damda kasalxonada, qolgan 2 nafar ishchilarning ahvoli qoniqarli baholanmoqda.

Ayni damda, tuman Ichki ishlar boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza etuvchi idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi hokimlik axborotida.