Tadbirda Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, tibbiyot markazi va uning tasarrufidagi muassasalar mutaxassislari hamda bir qator chet ellik tajribali oftalmologlar ishtirok etyapti. Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi oftalmologiya sohasi boʻyicha mamlakatimiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordamni tashkil etishni muvofiqlashtiruvchi markaz hisoblanadi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, oftalmologik nogironlikning asosiy sabablari boʻlgan glaukoma, keksalik makulodistrofiyasi, diabetik retinopatiya, toʻr parda koʻchishi kabi ogʻir va murakkab koʻz kasalliklari profilaktikasi hamda ularni erta aniqlash muammolari endilikda uskunalarga bogʻliq emas. Lekin viloyat, tuman va shahar kesimida bu texnologiyalarning boʻlishi hamda kadrlar salohiyatini yuksaltirish bemorlarni zamonaviy standartlar asosida tekshirish va davolashga imkon yaratadi.

Oʻtgan davr mobaynida markazning Xorazm, Termiz, Samarqand, Qoraqalpogʻiston, Qarshi, Buxoro va Fargʻona filiallarida fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohligi kabi davolash usullari hamda optik kogerent tomografiya (OKT), ultratovushli biomikroskopiya (UBM) diagnostika usullari keng joriy etilishi natijasida erishilgan muvaffaqiyatlar tahlil qilindi.

Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblangan katarakta va glaukoma jarrohligi, rekonstruktiv, shox parda, lazer jarrohligi, bolalar koʻz mikroxirurgiyasi, plastik xirurgiya, shuningdek individual koʻz protezlarini yasash va qoʻyish kabi tibbiy xizmatlarni yanada samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.