Qolaversa, kun davomida ofisda oʻtirib ishlash va jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanmaslik organizmda turli kasalliklarning rivojlanishiga zamin yaratadi. Ulardan biri boʻyin osteoxondrozidir.

— Ushbu xastalik bugun dunyoda eng koʻp tarqalgan kasalliklardan biri, — deydi oliy toifali shifokor Raʼno Nosirova. — Osteoxondroz umurtqalar, ularning togʻaysimon disklari va boylamlarini degenerativ-distrofik oʻzgarishlari boʻlib, joylashuviga koʻra boʻyin, koʻkrak va bel-chanoq turlari farqlanadi.

Boʻyin osteoxondrozi, asosan, 35 yoshdan oshgan insonlarda kuzatiladi. Bilamizki, boʻyin umurtqa pogʻonasining eng harakatchan qismi. Undan bir qancha asab tomirlari va umurtqa arteriyasi oʻtadi. Uning vazifasi orqa miya qon tomirlari va uzunchoq miyani qon bilan taʼminlashdan iborat.

Agar osteoxondroz sababli umurtqa arteriyasi bosilsa, bemorda bel va bosh miya ishemiyasi kuzatilishi ehtimoli bor. Shu sababli ushbu kasallikka eʼtiborsiz boʻlish yaramaydi.

Boʻyin osteoxondrozi bor insonda bosh sohasida kuchli va davomli ogʻriq, bosh aylanishi, koʻz xiralashishi, qoʻl  barmoqlarida sanchiqlar, stenokardiyaga oʻxshash, ammo bir necha soat davom etadigan yurak sohasidagi ogʻriqlar, eshitish qobiliyatining pasayishi, tilning karaxt boʻlishi, holsizlik, hansirash, arterial qon bosimining oʻynashi kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Mazkur simptomlar arteriyaning shikastlanganidan dalolat beradi.

Bu kasallikni uy sharoitida davolash salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli undan xalos boʻlish uchun shifokorga murojaat qilish lozim. Xastalik erta aniqlanganda bemorning sogʻayishi tezroq kechadi.

Koʻpgina hollarda osteoxondrozni davolash konservativ usullar yordamida amalga oshiriladi. Shifokor tomonidan dori-darmonlar, kerakli mashqlar terapiyasi va boshqa usullarni oʻz ichiga olgan davolash turlari buyuriladi.