Maʼlumot uchun: respublika boʻyicha 66 mingdan ziyod koʻzi ojiz shaxslar va ular taʼlim olishi uchun moʻljallangan 14 ta maktab-internati mavjud.

Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishdan iborat.

Shundan kelib chiqib, Adliya vazirligi AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy koʻmagida “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami”ni yaratdi. Mazkur toʻplamda ushbu toifadagi shaxslarning qonunchilikda belgilangan shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa yana koʻplab huquqlarini kafolatlaydigan normalar qamrab olingan.

Toʻplam 2 tomdan iborat boʻlib, 2 ming adadda nashr etilgan hamda unda koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29 ta qonun hujjatlardagi normalar jamlangan. Unda koʻz ochiz shaxslar uchun qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari, qulay mehnat shartlari, ijtimoiy himoya masalalari, shu bilan birga, ularning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari oʻz ifodasini topgan.

Toʻplamning 1 000 nusxasi Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati tashkilot va muassasalariga qolgan 1 000 nusxasi esa taʼlim muassasalari, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga, Respublika markaziy koʻzi ojizlar kutubxonasiga taqdim etiladi.

Xabaringiz bor, mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Ularning huquqlari himoyasi borasida koʻplab meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Imkoniyati cheklangan yoki nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan huquqiy axborotlar bilan tanishishda biroz qiyinchilikka duch kelmoqda edi. Ilk bora yaratilgan mazkur toʻplamning Brayl alifbosida chop etilganligi nogironligi boʻlgan, xususan koʻrish qobiliyati cheklangan shaxslarning oʻz huquqlarini oʻrganishga boʻlgan imkoniyatini yana-da kengaytiradi.

Ushbu toʻplamning yaratilishi koʻzi ochiz shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan oʻzlariga tegishli boʻlgan huquqlarini anglashga hamda ularning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bu kabi ezgu yoʻnalishlarda Adliya vazirligi tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Misol tariqasida necha yildan beri tashkil etib kelinayotgan “Biz birgamiz” xayriya aksiyasini keltirishimiz mumkin.

Umuman olganda, Adliya vazirligi bu kabi xayrli tashabbuslarni hamisha qoʻllab-quvvatlaydi. Bu boradagi ishlar surʼatini yana-da oshirishda davom etadi.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi