Qoʻmitaning taʼkidicha, loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan.

Keltirilishicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda mikroqarz va isteʼmol kreditlari bozorida faollik ortib boryapti. Shu bilan birga, ayrim kredit tashkilotlari tomonidan agressiv marketing va reklama orqali aholi oʻrtasida bunday moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, oqibatda esa qarz yukining keskin oʻsishi kuzatilmoqda.

Aksar hollarda bunday qarz mahsulotlari reklama va targʻibot materiallarida aholining eʼtibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratiladi. Biroq bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan moliyaviy xatarlari toʻgʻrisida yetarlicha maʼlumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Berilayotgan takliflarga koʻra, aholiga taklif etilayotgan kredit, jumladan, mikroqarzlar reklama qilinganda, reklama maydoni va vaqtining kamida 10 foizi bunday moliyaviy xizmatlardan foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy xatarlar toʻgʻrisidagi ogohlantirishga ajratilishi belgilanmoqda.

Ushbu tashabbus aholining moliyaviy xabardorligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilgan.

Raqobat qoʻmitasi fuqarolarni har qanday qarz majburiyatini olgan holda oʻz moliyaviy imkoniyatlarini aniq va masʼuliyatli baholashga, shuningdek, bunday xizmatlar bilan bogʻliq shartlar, foiz stavkalari va toʻlov majburiyatlarini diqqat bilan oʻrganishga chaqirdi.