Qonun (OʻRQ-1060-son, 22.04.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Mazkur Qonun bilan Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, “Garov toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, garov bilan taʼminlangan majburiyatning buzilishi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi:
- agar garov bilan taʼminlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining 15 foizidan kamroqni tashkil qilsa;
- agar garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket 3 oydan oshmagan boʻlsa.
Shuningdek, garov narsasi boʻlgan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda, garovga oluvchida oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinishi koʻrsatildi.
Bundan tashqari, kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi.
Bunda agar qarz oluvchi muddati oʻtgan qarzni toʻliq toʻlamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.