Aholi, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga, xususan, kriket sportiga boʻlgan qiziqishini oshirish, uni mamlakatda rivojlantirish, jamoalarni mamlakat miqyosida oʻtadigan musobaqalarga munosib tayyorlab borish, iqtidorli kriketchilarni terma jamoaga saralash singari maqsadlarni koʻzlagan Oʻzbekiston krekit federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Anfa Triangular Series” nomli musobaqa tashkillashtirildi.

Toʻrt kun davom etgan musobaqada Toshkent shahrining “Anfa”, Qashqadaryo viloyatining “Barlos” hamda Samarqand viloyatining “Afrosiyob” jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Yakunda “Anfa” jamoasi gʻolib boʻldi.

Biz bellashuvlarni tomosha qilish uchun kelgan afgʻonistonlik mehmon, Afgʻonistonda kriket sport turi keng ommalashishiga hissa qoʻshgan doktor Noor Murod hamda “Afrosiyob” klubi aʼzosi, hindistonlik Muhammad Tabriz Alamning kriket xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.

Doktor Noor MUROD:

– Afgʻoniston xalqaro kriket kengashiga toʻlaqonli aʼzolikka ega va kriket boʻyicha dunyoning eng yaxshi 12 mamlakati qatoridan joy olgan. Bu mamlakat uchun katta sharafdir. Siz Afgʻoniston kriketchilarining nomlarini eshitgan boʻlishingiz mumkin, shuningdek, ular IPL, PSL kabi xorijiy ligalarda ishtirok etadi. Kriketning Oʻzbekistondagi rivojlanish bosqichi haqida gap ketganida, menimcha, hozirgi holat yaxshi. Ayniqsa, Oʻzbekiston kriketiga boshqa mamlakat vakillarining qiziqishi oshmoqda.

Oʻzbekistonda kriket boʻyicha yaxshi natijalarga erishildi, mahalliy turnirlar ham oʻtkazib kelinmoqda. Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida doʻstona hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotgani kishini quvontiradi. Menimcha, kriket madaniy aloqalar uchun juda yaxshi poydevor boʻla oladi.

Muhammad TABRIZ ALAM:

– Men Hindistondanman va soʻnggi uch yildan buyon Oʻzbekistonda ishlayapman. Bu mamlakatda kriketni rivojlantirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Umid qilamanki, kelgusi yillarda mamlakatda kriket sport turi ommalashib, koʻpchilikning sevimli sport turiga aylanadi.

Men neft-gaz boʻyicha muhandisiman, lekin ishimdan tashqari boʻsh paytlarimda kriket bilan ham shugʻullanaman. Hozir men “Afrosiyob" jamoasida oʻynayapman va uchburchak kriket turniridan soʻng avgust oyida boʻlib oʻtishi kutilayotgan Oʻzbekiston oliy ligasi oʻyinlarini oʻtkazish rejamiz bor. Ushbu oʻrtoqlik musobaqasi avgustda oʻtadigan liga oʻyinlari oldidan tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi. Bu katta voqea boʻladi. Umid qilamanki, ushbu tadbir Oʻzbekiston kriketini yurtingizda va dunyoda tanilishiga yordam beradi.

Ilhom RAHMONOV