Murabbiylarni ikki bosqichda tayyorlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda viloyatlarda jismoniy tarbiya o'qituvchilari, sport maktablari murabbiylarini jalb qilgan holda o'quv-yig'in mashg'ulotlari boshlandi.

O'quv-mashg'ulotlarni Pokiston Islom Respublikasidan taklif etilgan kriket bo'yicha oliy toifali trener Tohir Muhammad hamda O'zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixlievlar olib bormoqda.

Ayni paytda mutaxassislar tomonidan Buxoro viloyatida 18 nafar jismoniy tarbiya va sport mutaxassisi ishtirokida birinchi boqich murabbiylik kursi o'tkazildi va yakunda ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Bu kabi o'quv-seminarlar noyabr` oyida Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Farg'ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida ham bo'lib o'tadi.

Joriy yil dekabr oyida O'zbekiston kriket federatsiyasi Xalqaro kriket kengashining mutaxassislarini jalb qilgan holda ikkinchi bosqich o'quv-seminarlarini o'tkazadi. Bunda seminar ishtirokchilari o'quv-mashg'ulotlarni yakunlagach, imtihon topshiradi va muvaffaqiyatli o'tgan tinglovchilar Xalqaro kriket kengashining birinchi bosqichli xalqaro kriket murrabbiysi guvohnomasiga ega bo'ladi.

Muhim jihati, birinchi bosqich xalqaro kriket murabbiylik guvohnomasini qo'lga kiritgan murabbiylar nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham kriket bo'yicha murabbiylik qilish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Ilhom Rahmonov