U bu natija evaziga fransiyalik sobiq futbolchi Mishel Platinini ortda qoldirdi. Fransiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan Platini 1984-yilgi Yevropa chempionatida 9 ta gol kiritgan. Bu musobaqa tarixidagi eng yaxshi natija boʻlib turgan edi.
Ronaldu mazkur rekordni Yevro-2020 musobaqasida - Vengriya terma jamoasiga qarshi oʻtkazilgan birinchi tur doirasidagi oʻyinda oʻrnatdi. U dastavval oʻyinning 87-daqiqasida penaltini aniq amalga oshirgan boʻlsa, oradan koʻp oʻtmay ikkinchi golni ham kiritishga muvaffaq boʻldi. Ronaldu 2004-yildan buyon Yevropa chempionati musobaqasida terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. Endilikda uning Yevropa chempionatlari doirasida kiritgan gollari soni 11 taga yetdi.
Eslatib oʻtamiz: Vengriya-Portugaliya terma jamoalari oʻrtasida kechgan oʻyinda 0:3 hisobi qayd etildi.