1990-yilda asos solingan, qarorgohi Malayziyaning Perlis shtatida joylashgan “Alpha Group” kompaniyasi sanoat va qurilish sohalaridagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtiradi. Kompaniya toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida sotish uchun Malayziyaning yirik elektron savdo platformalari bilan hamkorlik qiladi.
2020-yil noyabr oyida kompaniya tomonidan mamlakatimizda “MS Alpha” MCHJ korxonasi taʼsis etilgan. 2021-yilda ushbu kompaniya tomonidan oʻzbek qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Malayziyaga eksport qilingan.
Koʻrgazma zalining ochilish marosimida Malayziya qirollik oilasi aʼzolari, ijtimoiy-siyosiy doiralari, yirik kompaniyalari, taniqli madaniyat va sanʼat namoyandalari hamda OAV vakillaridan iborat 100 nafardan ortiq mehmonlar hozir boʻlishdi.
Tadbir chogʻida Malayziya tomoni soʻnggi yillarda mamlakatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, shu jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ilm-fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonlari bilan batafsil tanishtirildi.
Shuningdek, mehmonlarga Oʻzbekistonning tashqi siyosati, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, Afgʻoniston zaminida tinchlik va barqarorlik hukm surishi uchun doimiy ravishda olib borayotgan saʼy-harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham taqdim etildi.
Oʻzbek mahsulotlari shourumida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va xalq hunarmandchiligi mahsulotlari namoyish etilyapti.
Malayziyaning “Alpha Group” kompaniyasi rahbari Dalia Alkatari oʻz nutqida ushbu tadbir ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan mushtarak manfaatdorlik mavjudligidan dalolat berishini taʼkidladi.
Mazkur koʻrgazma zalining ochilishi Oʻzbekistondan Malayziya va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga mahsulotlar eksportini sezilarli darajada kengaytirish, Malayziyaning respublikaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmini oshirish va ushbu mintaqada mamlakatimizning turizm salohiyatini yuksaltirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanligi eʼtirof etildi.
Tadbir doirasida Malayziyaning “Alpha Group” kompaniyasi bilan mamlakatimizning “Sunny Land Products” MCHJ korxonasi oʻrtasida Kuala-Lumpurga umumiy qiymati 1 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha eksport shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, milliy mahsulotlarimizni Malayziya bozorlarida keng targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston mahsulotlari shourumini mahsulotlar namunalari bilan muntazam toʻldirib borish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.