Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Scientific publication ilmiy matbuot markazi va Respublika “Ilm-fan qanoti” markazi tomonidan MDH davlatlari oʻrtasida tashkil etilgan “Ilm-fan qanoti” xalqaro ilmiy maqolalar tanlovining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni davlatlardan ham ishtirokchilar qatnashishdi. 700 nafar qatnashuvchilar orasidan gʻolib deb topilgan 200 ga yaqin ishtiokchiga maxsus koʻkrak nishoni, guvohnoma, eng yaxshi ilmiy maqolalar toʻplami va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ular orasida men ham bor ekanimdan bagʻoyatda mamnunman. Bunday yutuqlar meni oʻz ustimda ishlashga, ijod qilishga undaydi. Ilmiy faoliyat olib borishimga Toshkent tibbiyot akademiyasining yangi oʻquv binosida yaratilgan keng imkoniyatlar — stimulatsion markazlar, laboratoriyalar va ayniqsa, katta fondga ega boʻlgan kutubxonamizning koʻmagi katta.
Buning uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyatiga, ilmiy rahbarim Toshmatova Goʻzal Odilxoʻjayevnaga va tyutor Hamidjon Qoʻshoqovga alohida minnatdorlik bildiraman. Shunday jonkuyar ustozlar bilim berar ekan, biz yoshlar bundan-da katta marralarni zabt etaveramiz.
Zulfizar Rasuljonova,
2-son davolash fakulteti 212-guruh talabasi