“Harorat anomaliyasi Shimoliy Yevroosiyoning deyarli barcha hududlarini egallagan juda kuchli antitsiklon bilan bogʻliqdir”, deb yozmoqda Gidrometeorologiya xizmati markazi.

Birinchi oʻn kunlik oʻrtasiga kelib, respublikaning markaziy hududlari boʻyicha havo harorati kechalari 5-7 daraja sovuqgacha, baʼzi joylarda 10 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari 3-5 daraja sovuqgacha pasaydi.

Dekabr oyida juda sovuq ob-havo davrlari bizning hududimizda avval ham kuzatilgan. Bunday qiymatlargacha haroratning pasayishi bilan sovuqning qisqa muddatli toʻlqinlari deyarli har yili qayd etiladi. 2-3 yil ichida taxminan 1-marta sezilarli darajadagi sovuqlar ham kuzatilgan. Soʻnggi 25 yil ichida dekabr oyida haroratning 10-15 daraja sovuqgacha pasayishi, baʼzi joylarda esa, undan ham past boʻlishi Oʻzbekistonning Markaziy hududlarida 2002, 2003, 2006, 2007, 2010, 2012, 2014-yillarda qayd etilgan.

Eng qattiq sovuqlar, odatdagidek, respublikaning shimoliy hududlarida kuzatildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida harorat kechalari 15-20 daraja sovuqgacha, ayrim shimoliy hududlarda esa 22-24 daraja sovuqgacha pasaydi. Bunday harorat dekabr uchun yangi rekordlarni oʻrnatmadi. Respublika shimolida eng sovuq yillarning dekabr oyida minimal harorat 27-30 daraja sovuqgacha pasaygan. Ayrim kechalarda harorat baʼzi joylarda ushbu sana uchun eng past qiymatlargacha pasaydi, ammo bu harorat rekordi emas.

Sovuq ob-havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi.

9-12-dekabr kunlari respublika hududining katta qismida havo harorati kechalari 5-10 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuq, shimolda kechalari 17-22 daraja sovuq, 9-10-dekabrda baʼzi joylarda 24 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari 4-9 daraja sovuq atrofida boʻladi.

Ushbu kunlarda oʻrtacha kecha-kunduzlik havo harorati shu davrning iqlim meʼyorlaridan 7-12 darajaga past boʻladi. Shunday qilib, meʼyor 4 daraja iliq boʻlganda Toshkentda oʻrtacha kecha-kunduzlik harorat 6-8 daraja sovuqni tashkil etadi.