Toshkent shahrining Yangihayot tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda fuqaro X.R.ning “Monza” rusumli avtomashinasi salonidan tarkibida “Tropikamid” moddasi mavjud boʻlgan 64 dona yelim idishda suyuqlik va “Pregabalin” moddasi mavjud boʻlgan 19 dona oq-qizil rangli kapsula dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar F.K. va M.A. noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelib, fuqaro T.B.ga 25 dona “Zardeks” nomli inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 200 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlanishib, ulardan 5 dona oq qizil rangli kapsula, 1 dona oq rangli idishda suyuqlik, 40 dona “Zardeks” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, F.K.ning xonadonidan yana 80 dona “Zardeks” 175 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shu kabi, Departamentning Xoʻjayli tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “A.” MCHJ sotuvchisi K.Sh. fuqaro K.K.ga inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi 320 ta kapsuladagi dori vositalarini 2 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.