O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand viloyati Qo'shrabot tuman bo'limi hamda viloyat IIB JKB xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand shahar Bobir Mirzo MFY Merv ko'chasi 73-A uy manzilida joylashgan "Azamat Vizin Farm" MCHJga qarashli dorixonada tezkor tadbir o'tkazildi. Tekshiruv davomida dorixona rahbari tomonidan (tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan) "Regapen 300 mg” dori vositasining har bir kapsulasi 35000 so'mdan, jami 6 dona dori 280000 so'mga noqonuniy sotilayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida dorixona ko'zdan kechirilganda respublika sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan, tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan 151 flakon "Midaks" 1% 10 ml, 801 kapsula “Galara 75 ml”, 274 kapsula "Regapen 300 mg”, 182 kapsula "Regapen 150 mg” va 1 flakon "Milrimaks 5,0 ml” dori vositasi dorixonada noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar bo'yicha Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligining Samarqand shahar Bobir Mirzo MFY Merv ko'chasi 73-A uy manzilida joylashgan "Azamat Vizin Farm" MCHJga 2019-yil 22-oktyabrda berilgan 0582-QR-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Samarqand shahar iqtisodiy sudiga kiritgan da'vo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va "Azamat Vizin Farm" MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.
Eslatib o'tamiz, Vazirlar Mahkamasining 818-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kuchli ta'sir kiluvchi moddalar ro'yxati”ga kirgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo'lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilangan.