Quyuq tuman tufayli “Namangan” aeroportida ko‘rish imkoniyati 150 metr, Sankt-Peterburgdan AFL-602 qatnovini bajarayotgan “Aeroflot” aviakompaniyasining samolyoti soat 07:05da belgilangan aeroportga qo‘na olmadi va Toshkentdagi zaxira aerodromga yuborildi. Hozirda aviakompaniya yo‘lovchilarni oziq-ovqat va mehmonxona bilan ta’minlagan. Tahminiy uchish vaqti - mahalliy vaqt bilan soat 18:40ga rejalashtirilgan.

Shuningdek, noqulay ob-havo sharoiti sababli yana bir qatnov – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining mahalliy vaqt bilan soat 10:35da Namanganga yetib borishi rejalashtirilgan Toshkent – Namangan – Novosibirsk yo‘nalishi bo‘yicha HY3669/69 qatnovi ham kechiktirilgan. Ayni paytda bort hali ham Toshkenda qolmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdan uchish vaqti soat 13:35ga rejalashtirilgan.

Ertalab yana ikkita – “Andijon” (ko‘rish imkoniyati tahminan 400 metr) va “Navoiy” (ko‘rish imkoniyati tahminan 50 metr) aeroportlarida ham quyuq tuman kuzatilgan. Bu vaqtda ushbu aeroportlarda jadvalga muvofiq, parvozlar yo‘q edi. Hozirgi vaqtda tuman deyarli tarqagan va aeroportlar qatnovlarni qabul qilishga tayyor.