Navroʻz arafasi yurtimizga tashrif buyurgan Rossiyaning “Kultura” telekanali bir guruh ijodkorlari “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston: Yangilanish” hujjatli filmi ustida ish boshlashdi.

Mazkur film oʻzbek xalqining milliy urf-odatlari, qadriyatlari va asrlar osha shakllanib kelayotgan madaniyati haqida hikoya qiladi.

Film ijodkorlari poytaxtning ayrim joylarida suratga olish ishlarini oʻtkazib, ayni damda Fargʻonada syomka jarayonlarini davom ettirishmoqda. Ijodiy guruh asosan, milliy toʻqimachilik, anʼanaviy kulolchilik hamda hunarmandchilik bilan bogʻliq tasvirga olish ishlarini amalga oshirishmoqda.

Aytish joizki, “Oʻzbekkino” MA hamda rossiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda yaratilayotgan filmlar oʻzbek milliy madaniyatini dunyoga targʻib etishga munosib hissa qoʻshadi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati