Xalqaro kurash assotsiatsiyasining joriy yil taqvim rejasiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirda, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Italiya kurash federatsiyasi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Xalqaro kurash instituti rahbariyati va masʼul xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali 4-zona Osiyo mamlakatlari kurash federatsiyalarining 100 dan ziyod murabbiylari va mutaxassislari qatnashdi.

Xalqaro seminar avvalo, kurashning jahon arenalaridagi nufuzi va mavqeini yuksaltirish sportchilarning ruhini yanada oshirish, musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun hakamlar va murabbiylarni professional darajada tayyorlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida kurashning jahon arenalaridagi nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish, joriy yil 12-23-may kunlari Vyetnamning Xanoyi shahrida, Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan, “SEA Games oʻyinlari”da ishtirok etuvchi jamoalarining tayyorgarlik ruhini oshirish, musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazish hamda hakamlar va murabbiylarning professional darajada tayyorlash borasidagi qizgʻin fikr va mulohazalar bildirildi.

Onlayn tarzda oʻtkazilgan seminar doirasida kurash federatsiyalarining xorijlik vakillari ham soʻzga chiqdi:

 Italiya kurash federatsiyasi 2014-yilda tashkil topgan,  dedi Italiya kurash federatsiyasi Prezidenti Vittorio Jordji.  Bugungi kungacha, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi boshchiligida nafaqat Italiyada, balki Yevropaning boshqa rivojlangan davlatlarida ham kurash musobaqalari va xalqaro seminarlar uyushqoqlik bilan oʻtkazildi. Yana shuni alohida taʼkidlab oʻtishim joizki, oʻzbek kurashi Yevropada ommaviy yakkakurash turlaridan biri. Kurashning yosh ixlosmandlari soni esa kun sayin ortib borayotganligi juda quvonarli holat. Ushbu seminar ham barchamizga birday manzur boʻldi.

Seminarda nafaqat Janubiy sharqiy Osiyo mamlakatlari balki Xitoy Taypeyi, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va boshqa koʻplab Osiyo qitʼasi mamlakatlari kurash federatsiyalari murabbiylari ham qatnashdi.

 Kurash bugun dunyoning barcha qitʼalarida sevimli va ommabop sport turlaridan biri hisoblanadi, —dedi xalqaro toifadagi hakam (Janubiy Koreya), Xalqaro kurash instituti oʻquv boʻlimi mutaxassisi Kim Eurdjun. — Bir necha yillik hakamlik faoliyatim davomida koʻplab nufuzli musobaqalar, xalqaro turnirlarda gilamga tushgan polvonlarning nigohidagi gʻurur va iftixor tuygʻularini, harakatlaridagi salobat, sidqidildan muxlislik qilayotgan tomoshabinlarning davomiy olqishlarini kuzatib turib, shu yoʻlni tanlab toʻgʻri qaror qilganimga yana bir bora amin boʻlaman. Kurashdagi halollik, mardlik, oliyjanoblik, odob va raqibiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish — oʻzbek xalqini, milliy anʼanalari va qadriyatlarini aks ettiradi. Kurash qoidalarining soddaligi, polvonlarning sofdil va kamtarinligi yoqadi menga. Koreya va Oʻzbekiston xalqi bir-biriga oʻxshab ketadi nazarimda. Bugungi kunda nafaqat Janubiy Koreyada balki boshqa xorijiy davlatlarda kurash sir-asrorlarini puxta oʻrganish niyatida boʻlgan yoshlar juda koʻp. Albatta, ularni doimiy oʻqitib, tajribasini oshirib borish muhim. Bu borada Xalqaro kurash instituti oflayn va onlayn oʻquv seminarlari oʻtkazishga eʼtibor qaratyapti.

Boʻlib oʻtgan seminar doirasida, kurash qoidalari asosida tayyorlangan yettita usul va 56 ta kurash texniklari, video hamda amaliy koʻrgazma tarzida, Xalqaro kurash assotsiatsiyasining tajribali mutaxassislari tomonidan koʻrsatib berildi.

Gulichehra Durdiyeva,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.