Iskandar Maqduniy saltanatining vorisi oʻlaroq yuzaga kelgan Yunon-Baqtriya davlati inqirozga yuz tutgan paytda Sharqdan yuyechjilar atalmish qavm kirib keladi va uning yetakchilari mintaqada boshqaruvni qoʻlga oladi.
Baʼzi manbalarda yuyechjilarning Garay ismli sarkardasi ushbu davlatga asos solgani aytilsa, boshqa maʼlumotlarga koʻra, milodiy 20-yilda Guyshuan qabilasi yetakchisi Kudzula Kadfiz beshta yirik qabilani birlashtirib, taxtga oʻtirishi bilan Kushon saltanatiga asos solingan.
Kushonlarning kelib chiqishi, tili haqida hozir ham turli fikrlar mavjud. Koʻpgina olimlar ularning tili sharqiy-eroniy tillar guruhiga mansub boʻlgan, degan fikrda.
Shuningdek, ular turklarning qadimiy ajdodlari ekanligi haqida ham maʼlumotlar uchraydi. Chunki, Kudzula Kadfiz shohlar-shohi – “yabgʻu” unvoniga sazovor boʻlgan. Bu Sharqiy turk hoqonlarininig ham unvoni. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk” asaridagi turkiy “yabgʻu” atamasi Kushon tangalarida ham uchraydi.