Kutubxona inson ruhiyatini yengillashtiradi

    Inson oʻz ichki tuygʻularini soʻz bilan toʻliq yetkazib berishi qiyin, ammo oʻqigan kitoblari tilida talqin qilishi, oʻylashi hamda kitob dunyosi bilan yashash oʻzgacha.

    3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni butun dunyoda keng nishonlanadi. Faqat shu kunigina emas, balki doimiy ravishda imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan insonlar xolidan xabar olish bizning qon-qonimizga singib ketgan. Mehr-muruvvat koʻrsatish ishlari, xayriya tadbirlari Beruniy tumanida ham davom etmoqda.

    Tumandagi 72 ta umumtaʼlim maktablarining uyda taʼlim oluvchi, imkoniyati cheklangan 116 nafar oʻquvchilariga doimiy ravishda oʻquv qurollari, mavsum davomida kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilib, ular holidan xabar olinmoqda.

    Bayram arafasida Navoiy OFY madaniyat markazi kutubxonasiga 200 nomdagi badiiy adabiyotlar sovgʻa qilindi hamda ismi “Ayollar daftari”ga kiritilgan, 2-guruh nogironi Matluba Bekimbetovaga kutubxona ochish va kitoblari sonini koʻpaytirishga yaqindan yordam koʻrsatildi.

    Shinam, toza va ozoda kitob mutolaasi uchun jihozlangan kutubxona inson ruhiyatini yana-da yengillashtiradi. Matluba Bekimbetova kitoblarning sirli dunyosini juda yaxshi koʻradi. Inson oʻz ichki tuygʻularini soʻz bilan toʻliq yetkazib berishi qiyin, ammo oʻqigan kitoblari tilida talqin qilishi, oʻylashi hamda kitob dunyosi bilan yashash oʻzgacha. Buni bugundan boshlab kutubxonachi lavozimida ish boshlagan Matlubaxon timsolida yaqqol koʻra olamiz. Quvonch koʻz yoshlarini yashira olmagan qizimiz tashkilotchilarga oʻzining cheksiz minnatdorchiligini bildirdi.

    Xuddi shunday tadbirlar Qoʻngʻirot tumanida ham muntazam tashkil etilib, ayni paytda mehr-muruvvat oyligi oʻtkazilmoqda. Tumandagi “Sanoat” mahallasidan 104 yoshdagi Bariya Zalyayeva, “Ozodlik” mahallasidan Mayrambay Rayev va “Turon” mahallasidan Baxitgul Zamenovalar holidan xabar olindi. Ularga nogironlik aravachalari bilan oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    Yangi Oʻzbekiston muhbiri