Kuvayt mamlakat iqtisodiyotiniga o‘zbek mutaxassislari jalb etilishidan manfaatdor

    Xalqaro hamkorlik 13 Yanvar 2022 1529

    Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Kuvayt ishchi kuchlari bo‘yicha agentligi o‘rtasida onlayn-muzokaralar tashkil etildi.

    Muzokaralar chog‘ida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tashkil etilishiga yo‘naltirilgan hukumatlararo bitim loyihasi ko‘rib chiqildi.

    Kuvayt vakillari ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar darajasini yuqori baholar ekan, bu tamoyillar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarda o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.

    Kuvayt delegatsiyasi rahbari, ayniqsa, so‘nggi yillar davomida Kuvayt agentligi va O‘zbekiston elchixonasi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari izchil o‘suvchanlik bilan rivojlanib borayotganidan mamnuniyat bildirdi. Diplomatiya vakolatxonasi bilan birgalikda malakali ishchi kuchlarini jalb etish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi paytda Kuvaytda tibbiyot, ta’lim, madaniyat va xizmat ko‘rsatish singari sohalarda 200 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat faoliyatini olib boryapti. Kuvayt tomoni ularning bilim va malakasi darajasini hisobga olgan holda o‘z mamlakati iqtisodiyotining barcha jabhalarida ishlashi uchun o‘zbek mutaxassislarining sonini bir necha barobarga oshirishdan manfaatdor ekanini ma'lum qildi.

    O‘zbekiston tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, xalqaro sheriklar bilan hamkorligining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.