20-noyabr kuni Qatarda boshlanadigan futbol boʻyicha jahon chempionatiga boradigan barcha jamoalar tarkibi maʼlum.
Avstraliya milliy jamoasi tarkibi eʼlon qilinganda, ayrim futbol mutaxassislari bosh chayqab, kulib qoʻyishdi. Gap shundaki, terma jamoa bosh murabbiyi Grem Arnold kuyovi, himoyachi Trent Seynsberini qaydnomaga kiritmadi.
“Bu qaror men uchun ancha ogʻir boʻldi. Kuyovim bilan gaplashdim. U anchadan beri oʻynamadi, shuning uchun yaxshi formada emas. Qarorimdan Trentning jahli chiqdimi, yoʻqmi bilmayman. Lekin men toʻgʻri qaror qabul qildim deb oʻylayman”, dedi murabbiy.
Seynsberi milliy jamoaga ilk bor 2014-yilda chaqirilgan va oʻtgan davrda 54ta oʻyinda maydonga tushgan. Joriy mavsumda esa 30 yoshli himoyachi Qatar chempionatida bor-yoʻgʻi 6ta oʻyinda ishtirok etdi.