Kuz faslida nega allergik kasalliklar avj oladi?

    Yurtimizda kuzning ilk haftasi. Buyogʻiga asta-sekin kunlar salqinlashib boraveradi. Oqibatda koʻpchilikda immunitet susayib, qator kasalliklar avj olishi kuzatiladi. Mavsumiy allergiya — shulardan biri.

    Xoʻsh, bu xastalik qoʻzgʻalishi qaysi omillar bilan bogʻliq? Uning qanday belgilari bor?

    Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda maʼlumot berdi.

    — Hozircha yogʻin-sochinli kunlar boshlangani yoʻq. Yurtimiz iqlim sharoitida sentyabr, oktyabr va hatto, noyabr oylari ham nisbatan iliq kelishi mumkin.

    Demak, yogʻingarchik boʻlguniga qadar oʻsimlik changlari oʻz allergik xususiyatini saqlab qolishi tabiiy. Bu — birinchi omil.

    Ikkinchi omil yomgʻirdan keyin zamburugʻ sporalarining havoga yuqori konsentratsiyada koʻtarilishi bilan bogʻliq. Shu sababli bu davrda zamburugʻga nisbatan allergik holatlarning ogʻir formalari uchraydi.

    Uchinchi omil — xazonrezgi. Chunki kuz oylarida daraxt va butalardan toʻkilgan yaproqlarda zamburugʻ sporalari eng koʻp uchraydi. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mogʻorlagan xonalar hamda yertoʻlalarda ham kuzatiladi.

    Toʻrtinchi omil. Salqin haroratda koʻpchilik asosiy vaqtini yopiq inshootlar, xonadonlar ichida oʻtkazishi tabiiy. Bunday sharoitda uy changi, it, mushuk singari hayvonlar yungi ham allergik simptomlarni keltirib chiqaradi.

    Burun bitishi, qichishishi yoki koʻp miqdorda oqishi, koʻzlarning shishishi, yoshlanishi, aksirish, horgʻinlik va baʼzan yoʻtal mavsumiy allergiyaga xos alomatlardir.

    Shu kabi belgilar kuzatilgan bemorlar oʻz vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.

    Profilaktik choralar:

    • Xonadonlar hovlisi, ayvonlar, tarnov va moʻrilarni toʻkilgan barglardan tozalab turish kerak.
    • Hammom, oshxona kabi namlik yuqori joylarda mogʻor hosil boʻlmasligiga alohida ahamiyat berish zarur.
    • Shuningdek, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, konyunktivit yoki astma belgilari kuchayishi mumkin.
    • Xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali ham allergik reaksiyalar simptomlarini kamaytirsa boʻladi.