Axborotda qayd etilganidek, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2021 – 2022-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida joriy yilda koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash uchun respublika byudjetidan 100 milliard soʻm ajratilgan.

Xalqaro moliya institutlari va respublika byudjetidan 2,5 trillion soʻm ajratilishi hisobiga Andijon, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xorazm, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrining issiqlik tizimi modernizatsiya va rekonstruksiya qilinyapti.

Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2021 – 2022-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 576-sonli qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali turar joy fondini 2021 – 2022-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etilgan va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda har bir tuman va shaharlarda hududiy ishchi guruhlar tashkil etilishi belgilangan.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha hududlar “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratilib, bunda aholi punktlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotida muammolar mavjud boʻlgan, uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moddiy-texnika bazasi va moliyaviy holati ogʻir, Xalq qabulxonalariga kommunal xizmatlar yuzasidan koʻplab murojaatlar tushgan, shuningdek, olis va borish qiyin boʻlgan hududlar “qizil” hududga kiritilgan.

Elektr tarmoqlari va qurilmalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha tarmoq korxonalari tomonidan 75 712 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 28 247 ta transformator punktini taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazilgan.

«Hududgaztaʼminot» AJ tomonidan 413 ta gaz taqsimlash punktini mukammal taʼmirlash, 6 471,1 kilometr quvurlarni bosim ostida sinash va tozalash, 4 320,1 kilometr yer osti quvurlarini maxsus priborlar yordamida tekshirish hamda 2 180,1 kilometr gaz quvurlarini boʻyash ishlari amalga oshirilgan.

«Oʻztransgaz» AJ magistral gaz quvur nuqsonli qismi almashtirilgan, magistral gaz quvuri rekonstruksiya qilingan hamda jamiyat tasarrufidagi kompressor stansiyalarida gaz haydash agregatlar taʼmirlash ishlari bajarilgan.

Koʻp kvartirali uylar ichki isitish tizimlarini modernizatsiya qilish boʻyicha 4 199 ta koʻp kvartirali uylarda taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, 561,7 kvadrat/metr tom qismi joriy va mukammal taʼmirlangan, 2 815 ta uylarning kirish yoʻlaklari, 670 ta uylarning fasad qismi, issiqlik tik quvurlari va kommunikatsiyalarini taʼmirlash ishlari bajarilgan.

Koʻp kvartirali uylarning 962 tasiga kodli qulfli temir eshiklar hamda 7 377 ming kvadrat/metr kirish yoʻlaklariga framugalar oʻrnatilgan.

Ijtimoiy soha obyektlariga koʻmir va koʻmir briketini sotib olish uchun Moliya vazirligi tomonidan hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, 154 milliard 100 million soʻm mablagʻ ajratilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar qatorida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish borasida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida ijro etilmaslik holatlari mavjudligi taʼkidlandi.

Xususan, «Oʻzbekgidroenergo» AJ tomonidan 2021-yil 1-oktyabrga qadar taʼmirlanishi kerak boʻlgan 4 ta gidroagregat bugungi kunga qadar mukammal taʼmirlanmagan.

«Hududgaztaʼminot» AJ tomonidan gaz taʼminoti obyektlari va qurilmalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha Qashqadaryo viloyatida gaz quvurlarini tiklash ishlari rejaga nisbatan haqiqatda 75 foizga bajarilgan, ayniqsa Qarshi shahrida bu koʻrsatkich 50 foizga, Surxondaryo viloyati boʻyicha 84,2 foizga, Xorazm viloyatida 66,7 foizga bajarilgan.

Bundan tashqari, «Oʻzneftgazinspeksiya» tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasida 201 ta holatda ulgurji isteʼmolchilar tomonidan 4 010 ming kubometr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilib, 3 milliard 592 million soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Respublika boʻyicha 189 ta koʻp kvartirali uyni mukammal taʼmirlash ishlari belgilangan muddatda bajarilmagan.

Ijtimoiy soha obyektlarini mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini 2021-yil 1-oktyabrga qadar toʻliq yakunlash belgilangan boʻlsada, biroq bugungi kungacha ularning 200 tasi boʻyicha ishlar yakunlanmagan.

Majlisda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalarini nazarda tutuvchi tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.