Paxta yigʻim-terimi tugashi bilan kuzgi shudgorlash boshlanadi. Buning ahamiyatini esa asl dehqonlarga tushuntirishga hojat boʻlmasa kerak. Xoʻsh, bu borada viloyatda qanday ishlar qilinmoqda? Bekobod tumaning Oybek hududidagi Farrux Qurbonjon fermer xoʻjaligida tashkil etilgan seminarda mazkur muhim agrotexnik jarayonni sifatli va samarali tashkil etish haqida soʻz bordi.

Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Davron Hidoyatov, Oʻzagrolizing AJ Boshqaruv raisi N.Otajonov, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari U. Uzoqov, shuningdek, tuman hokimligi mutasaddilari, qishloq va suv xoʻjaligi tashkilotlari, agroklasterlar mutaxassislari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Aytish joizki, kelgusi yil hosili uchun viloyat boʻyicha 72 ming gektar maydonda kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshiriladi. Ayni paytda mazkur ishlar uchun 436 ta zamonaviy yuqori unumli haydov traktorlari mavsumga shay holatga keltirilgan.

Seminarda viloyat hokimi soʻz olib, kelgusi yil rejalarining samarasi bugungi harakatga bogʻliqligi, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida tashkil etishda barcha imkoniyatlarni ishga solish kerakligi, shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy koʻmakka tayyorligini bildirdi.

Seminar ishtirokchilari fermer xoʻjaligi dalasida kuzgi shudgorlashning namunaviy usullari bilan tanishishdi. Hududlardagi ilgʻor fermerlarning tajribalari haqida fikr almashildi. Shudgorlash ishlarini muzratma kunlarga qoldirmasdan yakuniga etkazish, shoʻr yuvish, yaxob berish ishlarini sifatli bajarish imkoniyatlari haqida qoʻshimcha maʼlumotlar berildi.