Janubiy Koreya moliyachilari Oʻzbekistonda bank ochmoqchi

    Moliya 27 Sentabr 2022 1719

    Markaziy bankda “BNK Kyongnam Bank” AJ boshqaruv raisi Choy Xong Yong (Koreya Respublikasi) boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida Markaziy bank rahbariyati mehmonlarni mamlakat bank tizimining joriy holati bilan tanishtirdi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokida “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi”ga muvofiq davlat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayoni faol davom etayotgani taʼkidlandi.

    Kyongnam Bank rahbariyati amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy oʻzgarishlarni qayd etdi. Shuningdek, mehmonlar raqamli bank xizmatlariga ixtisoslashgan shoʻba bank ochish orqali Koreya bankining Oʻzbekiston moliya bozoridagi ishtirokini kengaytirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

    Oʻz navbatida, Markaziy bank vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq bank ochish tartibi toʻgʻrisida tushuntirish berildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: 1970-yilda tashkil topgan “BNK Kyongnam Bank” AJ “BNK Financial Group INC.” moliyaviy guruhi tarkibiga kiradi va Koreya Respublikasidagi eng yirik banklardan biri sanaladi. 2021-yil 11-martda “BNK Kyongnam Bank” Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining akkreditatsiyasiga asosan Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochgan.