Uchrashuvda tomonlar havo transporti sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini yuqori baholashdi. Xususan, 2021-yilda Toshkent – Riga – Toshkent yoʻnalishida muntazam qatnovlarning qayta tiklanganligini alohida eʼtirof etib, ushbu yoʻnalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston va Latviya aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv protokoli imzolandi. Unga muvofiq “Uzbekistan airways” va “AirBaltic” aviakompaniyalari oʻrtasida tijorat hamkorligi kengaytiriladi.
Bu esa ikki mamlakat aviakompaniyalariga qoʻshma sheriklik qatnovlari (kod-shering) orqali parvozlar geografiyasini kengaytirish imkonini beradi. “Uzbekistan Airways” AJ yoʻlovchilari “AirBaltic” aviakompaniyasi qatnovlar tarmogʻining Tallin (Estoniya), Vilnyus (Litva), Stokgolm (Shvetsiya), Kopengagen (Daniya), Xelsinki (Finlyandiya) va Amsterdam (Niderlandiya) kabi yoʻnalishlarida parvoz qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Uchrashuv davomida avtomobil transporti sohasidagi qoʻshma harakatlar samaradorligi masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, 2022-yil uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari uchun toʻlovlarning kamaytirilgani alohida eʼtirof etildi.
Avtomobil transporida yuk tashuvlari hajmini koʻpaytirish hamda yuklarni yetkazib berish zanjiri uzluksizligini taʼminlash boʻyicha bildirilgan takliflarni Latviya tomoni qoʻllab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Latviya transport vazirliklari oʻrtasida 2022-yilga moʻljallangan hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” imzolandi.