Latviya kompaniyasi oʻzbekistonlik haydovchilarni ishga jalb qiladi

    Tayyorgarlikdan oʻtgan haydovchilar Yevropa standartlariga mos sertifikatlar olishlari va YEI davlatlarida faoliyat koʻrsatishlari mumkin boʻladi.

    Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida 10-17-iyun kunlari Latviyaning transport va logistika sohasidagi yirik “Kreiss” kompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga ishchi tashrifi tashkil etildi.

    Tashrif davomida Latviya tomoni Transport vazirligi, Tashqi mehnat migratsiya agentligi va Xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    “Kreiss” va Tashqi mehnat migratsiya agentligi oʻrtasida Latviyaga 600 nafar haydovchilarni uyushgan tarzda ishga jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    “Vatanparvar” tashkiloti bilan ushbu uyushmaga tegishli avtomaktablar platformasida oʻzbekistonlik yuk mashinalari haydovchilarini tayyorlash uchun maxsus simulyatorlar tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi.

    Mazkur markazlarda tayyorgarlikdan oʻtgan haydovchilar Yevropa standartlariga mos sertifikatlar olishlari va YEI davlatlarida faoliyat koʻrsatishlari mumkin boʻladi.