Uchrashuvda oʻzaro savdo va tranzit yuk tashish hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratishni nazarda tutgan holda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, port terminali va boshqa obyektlarni ijaraga olish, shuningdek, erkin iqtisodiy zonada yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va GSP+ Preferensiyalar bosh tizimi doirasida oʻzbek eksportyorlariga beriladigan imtiyozlardan foydalanib, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tovarlar eksportini koʻpaytirish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, port va EIZdan foydalanish Oʻzbekiston tashqi savdo yuklarini Skandinaviya davlatlari, Braziliya, AQSH va Kanadaga tranzit qilish bilan bir qatorda saqlash hamda chakana savdo tizimlariga tarqatish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi ham qayd etildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar aniq amaliy natijalar va kelishuvlarga erishish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Ventspils erkin porti Yevropa darajasida muhim ahamiyatga ega sanoat markazi boʻlib, port xizmatlarini koʻrsatadi. U Boltiq dengizining sharqiy qirgʻogʻida joylashgan va muzlamaydigan portlar toifasiga kiradi. Yuk aylanmasi boʻyicha u Latviyada ikkinchi oʻrinda turadi. 2021-yilda portning umumiy yuk aylanmasi 11,1 million tonnani tashkil etdi.