“O‘zcharmsanoat” uyushmasida «Trade House Uzbekistan» kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uyushma matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, muloqotning asosiy mavzusi Latviyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyafzal va mo‘yna mahsulotlarining savdosini yo‘lga qo‘yish hamda Latviya investorlarini mamlakatimizga faol jalb etish bo‘ldi.
Ikki tomonlama hamkorlikning navbatdagi raundida milliy mahsulotlarimizni qisqa fursatda Latviya orqali YEI bozoriga olib kirish masalasining amaliy jihatlari muhokama qilindi. Bu borada O‘zbekistonning “GSP+” preferensiyalar tizimidan samarali foydalanishi bilan bog‘liq imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
«Trade House Uzbekistan» kompaniyasi rahbari bugungi kunda O‘zbekiston uchun Latviyada yirik shou-rum tashkil etilganligi va shu kunga qadar hunarmandchilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilganligini qayd etdi. U, shuningdek, navbatdagi bosqichda O‘zbekistonning charm-poyabzal korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni joylashtirish ishlari boshlanishini maʼlum qildi.
Uchrashuvda tomonlar mahsulotlar namunalarini joylashtirish, mahsulot turlari va yetkazib berish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Shuningdek, Latviyada ulgurji savdolarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy jihatlarning bugungi holati ko‘rib chiqildi.
Latviya kompaniyalarining O‘zbekistonga sarmoya kiritish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Muloqot so‘ngida YEI, jumladan, Latviyaga mahsulot yetkazib beruvchi mahalliy korxonalar bilan muzokaralar o‘tkazish va namunalarni Latviyadagi shou-rumga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.