“Lazgi”ga nafaqat Markaziy Osiyo, butun Yevropa oʻynaydi

    Oʻzbek sanʼatining gultoji boʻlgan “Lazgi” raqsi uch ming yillik tarixga ega boʻlsada, oʻzida zamonaviylik bilan birga milliy ruhni ham hamohang ifodalaydi. Shuning uchun ham u bugun jahon ahli eʼtibori va eʼtirofida.

    Quvonarlisi, Birgina oʻzbek raqsi sanʼati yuqori darajada rivojlangan mamlakatlarni ham Oʻzbekistonning qadimiy hududiga jamlashga qodir kuchga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan har ikki yilda oʻtkaziladigan «Lazgi» Xalqaro raqs festivali bu gal yanada koʻtarinkilikda oʻtyapti.

    Bu yil ikkinchi bor oʻtkazilayotgan festival kunlari koʻhna Xiva 200 ga yaqin «nozik» mehmonlardan tashqari, yuzlab mahalliy ishtirokchilar, minglab sayyohlarni oʻz bagʻriga chorladi. Hamisha sayyohlar bilan gavjum diyor yanada toʻlib-toshdi. Xiva mehmonxonalari, hatto oilaviy mehmon uylaridanda joy topish amrimahol boʻlib qoldi. Chunonchi, shunchaki Xivaga kelib, «Lazgi» bayramiga nasibasi qoʻshilgan sayyohlar ham talaygina.

    Nufuzli tadbir ochiladigan kun kechki payt Dishanqalʼa osmoni yorqin yogʻdular ila nurlandi. 33 davlat bayrogʻi aro oʻz osmonida magʻrur hilpiragan Oʻzbekiston bayrogʻi koʻzimizni quvnatdi.

    Festival doirasida ishtirokchi 30 dan ziyod davlatlar oʻrtasida raqs tanlovlari, ilmiy-amaliy konferensiya, davra suhbatlari, «Lazgi» liboslari hunarmandlik koʻrgazmalari boʻlib oʻtyapti. Festivalning tantanali yopilish va taqdirlash marosimi bugun Xivadagi Ark maydonida boʻlib oʻtadi.