Maʼlumot uchun: Butunjahon hukumatlar sammiti 2013-yilda BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum boshchiligida tashkil etilgan. Tashkilotning vazifasi global muammolarni hal etish va hukumatlarning keyingi avlodi uchun kun tartibini belgilash uchun innovatsiyalar va texnologiyalarga eʼtibor qaratib, boshqaruv kelajagini shakllantirishdan iborat.
WSG BMT, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, XVF, OPEK, JST, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon iqtisodiy forumi kabi global tuzilmalar va jamgʻarmalar bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, WSG aʼzolari roʻyxatiga yirik xalqaro kompaniyalar, jumladan VISA, Qualcomm, Google, Amazon, IBM, Mastercard, M2, SAP, Shneider Electric, AWS, Roblox, Dubai Investments, Cordiant, DFM, Salik, Khazna va boshqalar kiradi.
“Future of Economy Forum” – “The Rise of New Industrial Policy” forumi sessiyasida soʻzga chiqqan Laziz Kudratov mamlakatimizga Markaziy Osiyoda investitsiyaviy xab mavqeini ishonchli egallash, iqtisodiyotni ochish va global muammolarga qaramay barqaror oʻsishni taʼminlash imkonini bergan Oʻzbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichining bir qator amaliy jihatlarini aytib oʻtdi.
Xususan, savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya, JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha saʼy-harakatlar, iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlarini, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari, yashil vodorod ishlab chiqarish, IT texnologiyalarini rivojlantirish, infratuzilma va EIZlarga investitsiyalar kiritish, raqamli transformatsiya va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar qayd etildi.
Vazir sessiya ishtirokchilari eʼtiborini Oʻzbekistonda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, xorijiy investitsiyalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari liberallashtirilganligi, davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturi qabul qilinganligi, raqamli boshqaruv va elektron davlat xizmatlari joriy etilganligi hamda taʼlim tizimi takomillashayotganligiga qaratdi.
Sammit doirasida Laziz Kudratov BAA Hukumat ishlari boʻyicha vazir Muhammad bin Abdulloh Al Gergaviy, Iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Touq Al Marri, BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhail Al Mazrui, yirik mintaqaviy va xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazdi. Suhbatlarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni joriy etish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarish aloqalarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Umuman olganda, Birlashgan Arab Amirliklari ishbilarmonlari tomonidan Oʻzbekiston bozoriga kirishga va mamlakatimizda faoliyatini kengaytirishga ijobiy munosabat, ishonch va sadoqat borligi yana bir bor oʻz isbotini topdi.