Avvalroq, Xitoyning “Leapmotor” tovar belgili “C16” avtotransport vositasida aniqlangan nomuvofiqliklar sababli, ularni sertifikatlashga arizalar qabul qilish yuzaga kelgan vaziyat bartaraf qilinguniga qadar vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati ushbu holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Xabarda aytilishicha, mazkur masala yuzasidan shu yilning 7-aprelida Gu Jiven boshchiligidagi Zhejiang Leapmotor Technology Co. LTD kompaniyasi “OʻzTest” DMga tashrif buyurdi.
Natijada, kompaniya tomonidan Leapmotorʻning C16 rusumli 2 ta avtomashinasi Oʻzbekistonga import qilindi. Mashinalar 14-aprel kuni Piskent tumanida joylashgan sinov laboratoriyasida BMTning 10-son qoidalarida belgilangan tartibda qayta sinovlardan oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan takroriy sinovlar yakunida avtomashina BMTning 10-son qoida talablariga muvofiq topildi. Leapmotor kompaniyasiga shartli ravishda mazkur tovar belgili mashinalarni respublikada muomalaga chiqarilishiga ruxsat berildi.
Shartlar quyidagicha:
- Leapmotor avtomashinalarining nomuvofiqligi aniqlanganda ularni bartaraf qiluvchi hamda isteʼmolchiga yetkazilgan zararni qoplovchi ishlab chiqaruvchining rasmiy vakili – Oʻzbekistonda rezident hisoblangan yuridik shaxsni belgilash;
- Respublikaga import qilinayotgan Leapmotor avtomashinalarining turini maʼqullash uchun zarur boʻlgan tegishli hujjatlarni taqdim qilish;
- Leapmotor avtomashinalari ishlab chiqarilayotgan korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari va shartlarini oʻrganish va baholash.