“Lift importi yuzasidan hukumatga takliflar berilgan” — Raqobat qoʻmitasi

    Oʻzbekistonda lift importining sunʼiy ravishda toʻxtatib qoʻyilishi atrofidagi xabarlarga Raqobat qoʻmitasi rasmiy munosabat bildirdi.

    Qoʻmita lift va lift mahsulotlarini importi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qiynayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilganini bildirgan.

    “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan chop etilgan bir guruh tadbirkorlarning mazkur murojaatiga asosan, lift va lift uskunalarini import qilishda vujudga kelayotgan muammolar vakolat doirasida oʻrganib chiqilganda quyidagilar maʼlum boʻldi.

    “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasining xabariga koʻra, lift uskunalariga 3-chizma asosida berilgan muvofiqlik sertifikatlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-oktyabrdagi 801-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga kiritilgan qoʻshimcha talablarga asosan bekor qilingan. Shuningdek, “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasining mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi faoliyati davriy baholash natijalariga koʻra vaqtinchalik toʻxtatilgan.

    Biroq, liftlarning xavfsizligiga doir qoʻshimcha talablar saqlab qolinganligi, ishlab chiqarish jarayoniga (3-chizma boʻyicha) berilgan 17 ta muvofiqlik sertifikatlarining amal qilishi toʻxtatilganligi sababli importyor korxonalar tomonidan bugungi kunda respublika hududiga olib kelingan lift va eskalator uskunalar omborlarda qolib ketmoqda”, deyiladi munosabatda.

    Qayd etilishicha, Raqobat qoʻmitasi tomonidan lift va lift mahsulotlarini importi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qiynayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga quyidagi takliflar kiritilgan:

    • vakolatli organ tomonidan bekor qilingan 17 ta muvofiqlik sertifatini istisno tariqasida tiklash choralarini koʻrish;
    • mavjud boʻlgan sinov laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun(lift, lift uskunalari va eskalatorlarni sinovdan oʻtkazish sinov uchun zarur boʻlgan sinov minoralari va asbob-uskunalarni olib kirish) chet-el grant mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrish;
    • liftlarni sinovdan oʻtkazish va muvofiqlik sertifikatini berish boʻyicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish choralarini koʻrish;
    • liftlarni sinovdan oʻtkazish va muvofiqlik sertifikatini berish boʻyicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish choralarini koʻrish;
    • sertifikatlash jarayonida bir shartnoma doirasida olib kelinayotgan marka va modeli bir xil boʻlgan lift tovarlarini faqatgina bir nusxasini sinovdan oʻtkazish orqali ularga bitta muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish amaliyotini joriy qilish.