Bu haqda markazning Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati ma'lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ikkinchi ochiq muloqotida ishbilarmon doira vakillaridan kelib tushgan 12 mingdan ortiq dolzarb muammo, ularni hal etish yo'llari, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo'yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.

Ushbu murojaatlarning asosiylarini quyidagilar tashkil qiladi:

Birinchidan – yangi loyihalarni boshlash, biznesni kengaytirish va aylanma mablag'larni ko'paytirish uchun tadbirkorlarda 6 milliard dollar qo'shimcha kreditlarga ehtiyoj mavjud. Tadbirkorlardan shu masalaga oid 3 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.

Ikkinchidan – 1,5 ming tadbirkor soliq ma'muriyatchiligining murakkabligi va tekshiruvlar bo'yicha o'z e'tirozini bildirgan.

Uchinchidan – tadbirkorlik uchun sharoitlar barcha tuman va shaharlarda ham bir xil emas. Buni yaqinda joriy etilgan hududlarning investitsiyaviy reytingi yaqqol ko'rsatib berdi. Barcha tuman va shaharlarda tadbirkorlikni teng rivojlantirish bo'yicha har bir hudud uchun alohida yondashuvlar zarurligi qayd etildi.

To'rtinchidan – infratuzilmaga ulanish, er va joy ajratish masalalari bo'yicha biznes vakillarining ko'plab muammolari hal etilmasdan turgani borasida ham 2 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Beshinchidan – mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyatiga aralashish ham biznes vakillarini jiddiy tashvishga solayotgani murojaatlarda aks etgan.

Oltinchidan – murojaatlarda kichik va o'rta biznes tushunchalari, ularning o'sishiga turtki beruvchi alohida qo'llab-quvvatlash choralari belgilanmagani keltirilgan.

Mana shunday murojaatlardan kelib chiqib, davlatimiz rahbari soha vakillarini qo'llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo'nalishda tashabbuslarni bildirdi.

Prezident nutqining lingvistik tahlil natijalari davlat rahbari nimaga ko'proq e'tibor qaratayotganini ochiqlaydi. Xususan, davlatimiz rahbari nutqini tahlili qilish tadbirkorlarning eng dolzarb muammolari soliqlar va kreditlar ekanini ko'rsatdi.

Prezident tomonidan eng ko'p tilga olingan so'zlar "tadbirkor", "biznes", "soliq", "bank" va "kreditlar" bo'ldi.

Jumladan, “tadbirkor” so'zi 86 marta, "biznes" so'zi 43 marta, "soliq" so'zi 40 marta, "bank" va u bilan bog'liq so'zlar 21 marta aytilgan.