Davlatimiz rahbarining bu yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida intellektual mulk ob'ektlarining litsenzion shartnomalar asosida Intellektual mulk agentligi ro'yxatidan o'tkazilishi va tijoriylashtirilishini rag'batlantirishga doir muhim vazifalari belgilangan.
Intellektual mulk agentligining boshqarish, deponentlash va patent hujjatlari bo'limi boshlig'i Nodira Nurmatova bilan suhbatimiz mazkur topshiriqlar ijrosi va bu borada kutilayotgan natijalar haqida xususida kechdi.
— Litsenziya shartnomasi intellektual mulk ob'ektlaridan uchinchi shaxslarning rasman foydalanishiga imkon beruvchi muhim fuqarolik huquqiy vositasi hisoblanadi, — deydi Nodira Nurmatova. — Litsenziya shartnomasi bo'yicha intellektual faoliyat natijalariga yoki individuallashtirish vositalariga nisbatan mutlaq huquq egasi bo'lgan bir taraf (litsenziar) ikkinchi tarafga (litsenziatga) intellektual mulkni tegishli ob'ektidan haq evaziga foydalanishga ruxsat beradi. Bu jarayonda ikki taraf alohida e'tibor qaratishi lozim bo'lgan jihat litsenziya shartnomasi beriladigan huquqlarni, foydalanish uchun chegara va muddatlarni belgilash hisoblanadi.
Litsenziya shartnomasi intellektual mulk ob'ektlarini tijoriylashtirishda qo'llanadigan usullardan biri sanaladi. Misol uchun, bir ilmiy tadqiqot instituti qishloq xo'jaligida foydalanish uchun uskuna yaratdi. Uskunani tijoriylashtirish va keng ishlab chiqarish maqsadida bir korxona bilan litsenziya shartnomasi tuzish mumkin. Korxona yoki tadbirkor o'zining intellektual mulkini boshqarish tizimini yaratishga muvaffaq bo'lsa, intellektual mulk ob'ekti korxona uchun qimmatli nomoddiy aktivga aylanishi mumkin. Tabiiyki, intellektual mulkning nomoddiy aktivlar mavjudligi korxonaning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.
Tijoriylashtirish jarayonida intellektual mulk ob'ektlarining egalari va ushbu intellektual mulkdan foydalanuvchi shaxslar ishtirok etadi. YAna bir muhim jihat, intellektual mulk ob'ektidan foydalanmoqchi bo'lgan manfaatdor taraf huquq egasiga intellektual mulk ob'ektidan foydalanish istagini bildirsa va huquq egasi rozi bo'lsa, litsenziya shartnomasi tuziladi.
— Litsenziya shartnomalari qanday tartibda ro'yxatdan o'tkaziladi?
— Litsenziya shartnomasi taraflarning xohishi bilan tuziladi. U yozma shaklda tuzilishi va agentlik ro'yxatidan o'tkazilishi lozim. Litsenziya shartnomasini yozma shaklda tuzish yoki ro'yxatdan o'tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo'ladi.
— Litsenziya shartnomasini ro'yxatdan o'tkazish uchun agentlikka qanday hujjatlar taqdim etilishi lozim?
— Litsenziya shartnomasini ro'yxatga olish uchun ariza, uch nusxada shartnoma va shartnomani ro'yxatga olish uchun belgilangan miqdordagi patent boji to'langanini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim qilinishi lozim. Agentlik tomonidan shartnomalarni ro'yxatdan o'tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar haqida ma'lumotlar va maslahatlar beriladi.
— Litsenziya shartnomasi qanday hollarda bekor qilinishi mumkin?
— Tovar belgisidan oxirgi uch yil davomida O'zbekiston Respublikasi hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning ro'yxatdan o'tkazilgani istalgan manfaatdor shaxsning talabi bo'yicha, sudning qaroriga asosan, bekor qilinishi mumkin. Tovar belgisidan foydalanish uchun litsenziya berilishi undan foydalanish deb hisoblanadi.
— Insonning intellektual faoliyatdagi yangi bilim darajasi dastlabki mahsulot birligini ifodalaydi. Ushbu mehnat mahsulidan foydalanuvchi uchinchi shaxs faoliyati mahsulot himoyalanishini — patent va mualliflik huquqi hamda yakka monopol, individ institutini vujudga keltiradi. Bunday sharoitda intellektual mulk tijorati iqtisodiy-huquqiy munosabatlarni keltirib chiqaradi. SHunday emasmi?
— Albatta, zamonaviy taraqqiyotda insonlarning bilim va tajribalari intellektual faoliyatning natijalari hisoblanadi. Innovatsion iqtisodiyotda intellektual mulk iqtisodiy o'sishning asosiy omili bo'lib, iqtisodiy faoliyatda korxonalarning bozor qiymatini belgilaydi. Bunga biz iqtisodiyotning xomashyosi deb qarasak bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, oxirgi yillarda intellektual kapital-tovar va xizmatlarning ishlab chiqarishda ahamiyati ortib borayotgani guvohi bo'lyapmiz.