Qoʻmita tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlaridagi materiallarning “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Shu doirada turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirini tashkil etish va oʻtkazishga oid berilgan reklamalar tekshirildi.
Natijada, Navoiy viloyati va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari tomonidan jami 3 ta — “MUS ALI TOUR”, “Amirxan Travel” va “TRAVEL ATA” MCHJlarga nisbatan litsenziya hujjatlari mavjud boʻlmagan holda reklama joylashtirgani uchun belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi. Tekshiruvlar yakunlariga koʻra, mazkur korxonalarga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanildi.
Shuningdek, Qoʻmitaning Fargʻona, Namangan va Toshkent viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 9 ta telegram va instagram kanallari (“Fargʻona tour 2022”, “Saidislom”, “SUX Umra ziyorati”, “Musaffo Travel”, “Haj_2025”, “Shaxand va qoʻshni hududlar”, “Leaf travel”) hamda “Mustafa Travel” MCHJ tomonidan berilgan reklamalarda ham qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi. Bu holatlar boʻyicha mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, oʻrganish yakunlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilishi taʼminlanadi.