Prezidentimizning 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, oʻquvchilarni yuridik taʼlim jarayoniga keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda universitetdagi taʼlim tizimi, TDYUUda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, ayni paytda universitet tomonidan oʻquvchilarning sohaga oid bilimini oshirish, ularning kamida bitta xorijiy tilni oʻzlashtirib chiqishi uchun darslarga yuqori malakali pedagoglarni jalb etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, universitetning rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilari tomonidan akademik litseyda dars mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.

Uchrashuv davomida TDYUUga talabalikka va litseyga qabul jarayoni haqida ham maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab TDYUU qoshidagi akademik litseyning barcha fanlar boʻyicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari universitetga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari qabul qilinadi. Bu jarayonda ularning chet tillarini bilish darajasi ham hisobga olinadi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab TDYUU qoshidagi akademik litseyga oʻquvchilarni qabul qilishda “Tarix” fanidan imtihonlar “Huquq” fani bilan almashtiriladi.

Ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtgan uchrashuv chogʻida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ishtirokchilar tomonidan litsey faoliyati va taʼlim jarayoni takomillashtirish borasida qator takliflar oʻrtaga tashlandi.

Yakunda akademik litseyning aʼlochi va jamoat ishlarida faol oʻquvchilari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi