Litva korxonalari bilan 200 nafar Oʻzbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi

    Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Litvaning “WorldHalal trust” hamda “FA Solutions” kompaniyalari rahbariyati oʻrtasida muzokaralar tashkil etildi.

    Uchrashuvda Litva kompaniyalariga Oʻzbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Muzokaralar natijasida 200 nafar vatandoshimizni Litva korxonalariga ishga qabul qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Tomonlar oʻrtasida tuzilgan kelishuvga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari goʻsht mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash va qayta ishlash korxonalarida ish bilan taʼminlanadilar.

    Litvada ish bilan taʼminlanadigan Oʻzbekiston fuqarolarining 50 kishidan iborat birinchi guruhi shu yil noyabr oyida Vilnyus shahriga joʻnatilishi rejalashtirilmoqda.

    “WorldHalal trust” – Litva, Gretsiya, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Moʻgʻuliston, Belarus, Rossiya, Turkiya va Xitoyda joylashgan halol sertifikatlash sohasida koʻp yillik tajribaga ega kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning asosiy faoliyati goʻsht, sut, gigiyena va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni sertifikatlashdan iborat. Korxona yirik fermer xoʻjaliklari, qoramol va parranda goʻshtini qayta ishlash quvvatlariga ega.