“Kitobsevar millat” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirda soha mutaxassislari, atoqli shoir va yozuvchilar, noshirlar, kitobxonlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

— Ikkinchi bor oʻtkazilayotgan haftalik barcha ijodkorlar va kitobxonlarga, soha mutaxassislariga maʼqul keladi, deb ishonaman. Biz mazkur kitob bayrami orqali yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirishda kitobning roli va ahamiyatini kuchaytirish,  oʻzbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha erishilgan yutuqlarni ommalashtirishni maqsad qilganmiz. — deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev. 

Mazkur haftalik doirasida yurtimizda faoliyat yuritadigan nashriyotlar tomonidan chop etilgan yangi mahalliy va xorijiy kitoblar taqdimoti, kitobsevarlar uchun turli aksiya va viktorinalar, mahorat darslari, yozuvchi va adiblar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, sahna koʻrinishlari, teatr va kino aktyorlari, estrada xonandalarining chiqishlari boʻlib oʻtadi, deya xabar bermoqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi.