Bu yerda kasb-hunar oʻrganish istagidagi yoshlarning bilim olishi, nazariy koʻnikmalarini amaliyot bilan uygʻunlashtirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Butun umrini qishloq xoʻjaligi sohasiga bagʻishlab, elda hurmat va eʼtibor qozongan, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi boʻlgan Lola Murotova nomidagi maktab oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi.
Fermerning boy tajribasini yoshlarga yetkazish, qishloq xoʻjaligida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan 480 oʻringa moʻljallangan mazkur taʼlim maskanida ayni damda 262 oʻquvchi 5 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha tahsil olmoqda. Jarayonlar dual taʼlim tizimi asosida, yaʼni mashgʻulotlarning 40 foizi nazariy, 60 foizi amaliy tarzda oʻtiladi.
Muassasada oʻttizdan ortiq auditoriya, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey mavjud. 150 oʻrinli yotoqxona, sport zali, mini futbol maydonchasi hamda zarur jihozlarga ega ustaxona oʻquvchilar ixtiyorida. Shuningdek, issiqxona va mashgʻulotlar uchun avtodrom bunyod etilgan.
— Prezidentimiz taʼlim muassasasi ochilishi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali marosimda fermer Lola Murotovaning koʻp yillik mehnati, insoniy fazilatlarini yodga olib: “Lola opa oʻzbek ayolining nimalarga qodirligini koʻrsatdi, shu bilan birga, juda kamtar va soddadil edi. Fidokorligi, mehnatsevarligi bilan yurtimiz rivoji va obodligiga katta hissa qoʻshgan edi. Bu jihatlar yoshlarga oʻrnak boʻlishi, ular kasbni yaxshi oʻrganishi kerak”, degandi, — deydi texnikum direktori Guliraʼno Xoliqova. — Ushbu eʼtirof, eʼtibor doimiy ish amalimiz, hayotiy dasturimizga aylangan. Bu yerda taʼlim-tarbiya olib, kasb-hunar egasi boʻlgan yoshlar hozirjavob, izlanuvchan, intiluvchan, oʻz kasbining yetuk bilimdoni va albatta, fidoyi insonning munosib izdoshi boʻlishga harakat qilib kelmoqda. Sohadagi boy merosni oʻrganish va asrab-avaylash hamda qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan oʻquvchilar bilan Oltiariq tumanida fermer asos solgan “Nurli obod” xoʻjaligiga tez-tez sayohat uyushtirib turish, uning ishlari bilan tanishib, ibrat olish, fermer izdoshlari bilan suhbatlashish anʼanaga aylandi.
Muassasaga dastlabki bosqichda umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini bitirganlar oʻqishga qabul qilingan. Yangi oʻquv yilidan boshlab 11-sinf va sirtqi taʼlimga asoslangan 9 ta yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanadi. Oʻquv jarayoni boshlangʻich professional taʼlim dasturlari asosida, amaliyot bilan bogʻliq holda oʻtkazilmoqda. Texnikumda oʻqish baxtiga muyassar boʻlgan oʻgʻil-qizlarning orzulari bir olam.
— Lola Murotova haqida juda koʻp eshitganman, uning hayot tarzi asosida yozilgan “Barxanlarda ungan gul” kitobini oʻqiganman, televizorda koʻrib, mana shunday inson boʻlishni orzu qilardim, — deydi Shahodat Yoqubjonova. — Qahramon nomidagi texnikumda oʻqish maqsadimni ota-onam ham qoʻllab-quvvatladi. Ayni kunda oʻsimliklar himoyasi laboranti yoʻnalishida tahsil olyapman. Bu kasb-hunarga talab yuqori. Keyingi yillarda ekologik toza meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga talab ortdi. Ekin maydonlari unumdorligini oshirish, yangi navlar yaratish va tanlash, har bir hudud iqlim va suv taʼminoti sharoitidan kelib chiqib mahsulot yetishtiruvchi yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj katta. Taʼlim muassasamiz eng zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari bilan taʼminlangani nazariy koʻnikmalarimizni oshirish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, Fargʻona viloyati agrokimyo tahlil markazi malakali mutaxassislari koʻmagida amaliy mashgʻulotlar oʻtab kelamiz. Bu bizning bilim va dunyoqarashimizni kengaytirish va Lola Murotovaning munosib izdoshlari boʻlishimizga zamin yaratmoqda.
Taʼlim jarayonini sifatli tashkil etish hamda metodik yordam koʻrsatish maqsadida muassasa Fargʻona davlat universitetiga bevosita biriktirilgan boʻlib, universitetning professor-oʻqituvchilari tomonidan ilmiy, amaliy, nazariy hamda laboratoriya mashgʻulotlari oʻzaro integratsiyalashgan holda oʻtilmoqda. Shuningdek, Germaniya va Xitoy kabi rivojlangan davlatlardagi kasb-hunar maktablari bilan ham oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Jumladan, Xitoyning Chenjun muzofotidagi kasb-hunar texnikumi bilan oʻzaro memorandum imzolandi. Muassasa oʻquv rejasi doirasida “Germaniya tajribasi” asosida oʻquvchilarni qishloq xoʻjaligi sohasida tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni ham joriy etish koʻzda tutilgan.
— Bu yerda traktorchi-mashinist yoʻnalishida taʼlim olyapman, — deydi Abdulaziz Usmonov. — Har bir mashgʻulot nazariy va amaliy oʻtilayotgani yaxshi samara bermoqda. Oʻquv-mashq maydonlaridan tashqari “Volida” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligida texnikani boshqarish, taʼmirlash jarayonlarida bevosita ishtirok etib, mavjud sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib boryapmiz. Oʻtgan qisqa vaqtda texnika vositalarini boshqarish sirlarini yaxshi oʻzlashtirib oldim. Texnikumni tamomlagach, shu yerda yaxshi haq toʻlanadigan ishga taklif qilishyapti. Bu juda yaxshi imkoniyat.
Muassasada “Fermerlar maktabi” tashkil etildi. Unda buyurtmachilar mablagʻlari hisobidan fermerlar malakasini oshirish kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shu kunga qadar sabzavotchilik, bogʻdorchilik, asalarichilik yoʻnalishlarida yuzdan ortiq kishining kasbiy malakasi oshirildi.
— Taraqqiyotning bugungi rivoji har bir narsaga ilmiy asosda, aniq hisob-kitob bilan yondashishni talab qilmoqda, — deydi Fargʻona shahridagi “Zumrad niholi” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbari Muzaffar Ahmedov. — Bu yerda uch oylik oʻquv kursida bogʻdorchilik, asalarichilik bilan bogʻliq juda koʻp maʼlumotlarga ega boʻldim. Ayniqsa, intensiv usulda bogʻ yaratish, suvdan tejab foydalanish, muqobil sugʻorish tizimlarini qoʻllab mahsulot yetishtirish, ichki va tashqi bozorga chiqarish, bozor marketingi yoʻnalishlarida malakali mutaxassislardan koʻp narsalarni oʻrgandik, tajriba almashdik. Bu jarayon amaliy ishimizda qoʻl kelishiga ishonaman. Bogʻdorchilikdan tashqari asalarichilikni rivojlantirishga qaratilgan oʻz dasturimizni ham ishlab chiqdik. Har bir jarayon aniq hisob-kitoblarga asoslangan. Masalan, bitta asalari oilasini bir yilda 4-5 hissa koʻpaytirish mumkin. Asalarilar mevali bogʻlar hosildorligini tabiiy usulda oshirish xususiyatiga ega. Avvallari ishni bunday tashkil etmaganmiz, boriga koʻnikib yashashga odatlanib qolgan ekanmiz. Malaka oshirish jarayonida qarashlarimiz oʻzgardi. Oʻylaymanki, bunday hamkorlik bardavom boʻlib qoladi.
Sirasini aytganda, bu yerda tom maʼnodagi Lola Murotova izdoshlari kamolga yetmoqda. Har jihatdan bilimli, izlanish va intilishdan toʻxtamaydigan gʻayrat-shijoatga toʻla yoshlar hali yurtimiz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshadi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri