Shunday insonlardan biri Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani “Chorbogʻ” MFYdagi oilaviy poliklinika hamshirasi Lolaxon Yusupovadir. U 33 yillik faoliyati davomida minglab odamlarning dardini aritishga hissa qoʻshdi.

Hamshiralik juda murakkab ish. Ayniqsa, bemorning jonini ogʻritmay ukol qilish, tomirni birinchi urinishdayoq topish katta mahorat talab qiladi. Lolaxonni tanigan-bilganlar unda shunday uquv borligini eʼtirof etadi.

Hamshiraning yana bir maqtagulik jihati — ish vaqti tugagandan keyin ham ogʻrinmay bemorlarga xizmat koʻrsatadi. Baʼzan bemorlarning uyiga boradi. Ayrim dardi yengil xastalar Lolaxonning uyiga borib, ukol oladi. Mana shu xislatlari tufayli hududda hamshiraning hurmati joyida. Yoshu qari izzatiga yetadi.

Lolaxonning izidan kelayotgan shogirdlari ham ustoziga munosib boʻlib, el xizmatiga yarayapti. Xalqimiz salomatligi yoʻlida belini mahkam bogʻlab, astoydil ishlayapti.

Tilagim shuki, yurtimizda Lolaxonga oʻxshagan kasbiga sodiq, fidoyi insonlar koʻpaysin, xizmatidan baraka topsin! Rizqi moʻl boʻlib, farzandlarining rohatini koʻrsin!

Odiljon ota SULAYMONOV,

mehnat faxriysi, pensioner

Uchkoʻprik tumani “Puchugʻoy” MFY

Jaloyir qishlogʻi 65-uy