London fond birjasiga 555 mln dollar va 2 trln soʻm miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar joylashtirildi

    Moliya 20 Noyabr 2020 1747

    Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 750 mln. AQSH dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar ikki transhda – 10 yillik muddat bilan AQSH dollarida va 3 yillik muddat bilan oʻzbek soʻmida chiqarildi va London fond birjasiga joylashtirildi.

    Joriy yilning 19-noyabr kuni moliyaviy konsultantlarning investorlarning takliflariga asoslangan tavsiyasiga koʻra, xalqaro obligatsiyalarning boshlangʻich foiz stavkalari mos ravishda, dollarda 4,25% atrofida va soʻmda 15.25% atrofida belgilanib, London vaqti bilan soat 09:00da buyurtmalar kitobi ochiq deb eʼlon qilingan edi.

    Buyurtmalar hajmi ikki soat ichida dollar va soʻmdagi obligatsiyalar uchun mos ravishda, 1,6 mlrd. dollar va 1,9 trln. soʻmni tashkil etdi.

    Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va soʻmdagi obligatsiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 3,875% va 14,75% ga tushirildi.

    AQSH bozorlari ochilgach, buyurtmalar hajmi oshishda davom etib, mos ravishda, 3,8 mlrd. dollar va 5 trln. soʻm maksimal qiymatga yetib bordi hamda foiz stavkalarini yana tushirish uchun imkoniyat yaratdi.

    Savdo yakunlari boʻyicha, xalqaro obligatsiyalarning hajmi va foiz stavkalari quyidagicha belgilandi:

    - 10 yillik AQSH dollari transhi: 555 mln. dollar 3,70% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,55% past);

    - 3 yillik oʻzbek soʻmi transhi: 2 trln. soʻm 14,50% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,75% past).

    Moliya vazirligi tomonidan xalqaro obligatsiyalarning, ayniqsa ilk bora milliy valyutada, muvaffaqiyatli joylashtirilishi mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli islohotlar xalqaro investorlar tomonidan ijobiy baholanayotganligi va Oʻzbekistonning makroiqtisodiy istiqboliga ishonch oshib borayotganligidan dalolat beradi.

    Mazkur xalqaro obligatsiyalarning joylashtirilishidan kelib tushadigan mablagʻlar byudjet defitsitini qoplash hamda Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha 2021-yilda amalga oshiriladigan ayrim loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi rejalashtirilmoqda.

    Moliya vazirligi

    Axborot xizmati