Londonning ramzi boʻlmish “Tower Bridge” koʻprigi yaqinidagi “Potters Fields Park” bogʻida tashkil etilayotgan tadbirda britaniyaliklar va Londonda boʻlib turgan xorijliklar uchun Oʻzbekistonning boy madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish etiladi.
Ikkinchi marotaba tashkil etilayotgan tadbirda yurtimizning sanʼat sohasi vakillari tomonidan oʻzbekona milliy kuy-qoʻshiqlar va raqslar ijro etilib, yigʻilganlar eʼtiborini qozonilyapti.
Shuningdek, Bahriddin Chustiy boshchiligidagi mamlakatimizning mohir oshpazlari tomonidan milliy oshxonamizning shirin taʼmli yeguliklari va albatta, Oʻzbekiston oshxonasining milliy brendi – Palov tadbir qatnashchilari uchun tayyorlandi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.