Unda Senat Kengashining 2021-yil 22-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Tuman (shahar) byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisida namunaviy nizomi” va 2021-yil 3-maydagi KQ-224-IV-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻimni belgilash, uni toʻlash va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomi”ni amaliyotda qoʻllash yuzasidan fikr almashildi. Amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar, ularni yechimi keng muhokama qilindi.

Xususan, joriy yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda tegishli tuman (shahar)lar byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarning 5 foizi yoʻnaltirilib, 2022-yildan boshlab esa ushbu tartib barcha tuman va shaharlarga tatbiq etilishi belgilangan.

Shuningdek, joriy yil iyul oyidan boshlab tuman (shahar) byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish boʻyicha yangi tartib joriy etilgan.

Mablagʻlarni jamlash va sarflanishini nazorat qilish uchun barcha tuman va shaharlar hokimliklari qoshida “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” tashkil etilgan.

Ushbu maqsadlarda joriy yilda tanlab olingan 14 ta tuman (shahar)lar byudjetlariga respublika byudjetidan qoʻshimcha ravishda 92 milliard 700 million soʻm mablagʻ ajratilganligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 22-sentyabrdagi qarori bilan fuqarolar tomonidan kelib tushgan takliflarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”da 1 milliard soʻmdan kam mablagʻ shakllangan 120 ta tuman va shahar uchun qoʻshimcha 57 milliard 900 million soʻm, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan oshgan 119 ta tuman va shaharning har biriga qoʻshimcha 500 million soʻmdan jami 59 milliard 500 million soʻm, hammasi boʻlib 117 milliard 400 million soʻm mablagʻ respublika byudjetidan qoʻshimcha ajratilgan.

Yangi mexanizm asosida “Ochiq byudjet” axborot portali takomillashtirilib, joriy yilning 1-iyulidan boshlab respublikamizda barcha tuman va shaharlarida jamoatchilik fikri asosida shakllantirish amaliyoti boshlangan. Buning natijasida joriy yilning 3-choragida fuqarolardan jami 41 125 ta taklif kelib tushgan.

Ularning 13 853 tasi (jami takliflarning 34 foizi) fuqarolarni eng koʻp qiynab kelayotgan ichki yoʻllarni taʼmirlash va tartibga keltirish muammolarini tashkil etgan. Shuningdek, joylarda umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va jihozlash bilan bogʻliq masalalar – 6 798 ta (17 foiz), koʻchalarni yoritish tizimi bilan bogʻliq masalalar – 5 649 ta (14 foiz), ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash – 4 424 ta (11 foiz) va boshqa takliflar bildirilgan.

Fuqarolarni byudjet jarayonida ayrim hududlarda jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlar uchun mablagʻlarni yoʻnaltirish va sarflanishida kamchiliklar kuzatilmoqda. Jumladan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlar uchun mablagʻlarni yoʻnaltirish va sarflanishida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Tashabbusli byudjet jarayonida barcha talablarga mos ravishda fuqarolar tomonidan bildirilib eng koʻp ovoz toʻplagan holda “gʻolib” deb topilgan takliflarni tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan toʻliq moliyalashtirmaslik holatlari mavjudligi aytib oʻtildi.

Seminarda shuningdek, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalari, xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarida loyihalash, yoʻl-qurilish, taʼmirlash va ekspluatatsiya ishlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni toʻplash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bosh moliya boshqarmalari huzurida avtomobil yoʻllarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamgʻarmalari tashkil etilganligi toʻgʻrisida batafsil tushuntirishlar berildi.

Mazkur seminarda yuqorida koʻrsatilgan namunaviy nizomlarni amaliyotga joriy qilish yuzasidan tushuntirishlar va savol-javoblardan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari, tuman va shahar hokimliklariga tegishli tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.