“MACLEC” kompaniyasi suv yuzasida suzib turuvchi innovatsion gidroagregatlar yetkazib beradi

    Energetika 9 Fevral 2023 603

    Joriy yil 8-fevralda Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida “Oʻzbekgidroyenergo” AJ va “MACLEC” kompaniyasi vakillarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Madaniy aloqalar boʻyicha Hindiston Kengashi prezidenti Doktor Vinay Saxasravudxe, Milliy energetika korporatsiyasi, “Tehri Hydro Power Corporation” hamda “North-Eastern Electric Power Corporation Limited” korporatsiyalari raisi va boshqaruvchi direktori Shri R.K. Vishnoy, “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj, Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dilshod Axatov hamda “Oʻzbekgidroyenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

    Tadbirda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, quvvati 50 MVt boʻlgan suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni Oʻzbekistonga yetkazish boʻyicha shartnoma imzolandi. Ushbu hamkorlikning asosiy jihati shundaki, 1-bosqichda gidroagregatlarning 60 foizi mahalliylashtiriladi va gidroagregatlar Oʻzbekiston sharoitida sinovdan oʻtkaziladi. 2-bosqichda ishlab chiqarish 100 foiz mahalliylashtiriladi va hindistonlik injener-muhandislar respublikamizda doimiy ishlashi va bizning mahalliy mutaxassislarimizni gidroagregatlarni ishlab chiqarishga oʻrgatish uchun jalb etiladi.

    Tadbirda “MACLEC” kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj hamda Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov tomonidan hamkorlikning istiqbollariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Oʻtgan 2022-yil avgust oyida Hindistonning “MACLEC” kompaniyasi rahbarlari bilan gidroenergetika sohasida yangi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazilgan hamda “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida quvvati 500 kVt gacha boʻlgan mikroGESlar uchun gidroagregatlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolangan edi.

    Natijada, tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJ zavodi hamda Hindistonning “MACLEC” kompaniyasi hamkorligida mikroGESlar uchun gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” oʻzbek brendi asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish borasida kelishuvga erishilgan edi. Bu esa, oʻz navbatida, xususiy investorlar tomonidan mikroGESlarni qurishga va davlat-xususiy sherikchiligi asosida kichik GES qurmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib beradi. GES uchun zaruriy asbob-uskunalarni yurtimizdan arzon va kafolatlangan tarzda xarid qilinishi imkoniyatini beradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Oʻzbekgidroyenergo” AJ maʼlumotiga tayanib.