Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida, qolaversa, demokratik huquqiy jamiyat qurilishi va rivojlanishida aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishning aniq tizim va shakllaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasiga eʼtibor qiladigan boʻlsak, har qanday jamiyatda, birinchi navbatda, fuqarolarning huquqiy bilim va savodxonligi darajasini oshirmasdan, ularning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishga koʻmaklashmasdan turib, huquqiy jamiyatni rivojlantirib boʻlmaydi.

Bu holat esa, hozirgi globallashuv davrida, mamlakatimiz aholisining huquqiy bilim va savodxonligini oshirishning yangi va innovatsion usullari, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan yetarli darajada foydalanib, faoliyatimizga zamonaviy usullarni joriy etishni talab etadi.

Shunga koʻra, oʻtgan yili mamlakatimizda fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish va aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida “Madad”  muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish yoʻli bilan ularning huquqiy bilim va savodxonligini oshirishga koʻmaklashishdan iborat.

Muassasani tashkil etilishida, dastlab Adliya vazirligining tashabbusi bilan Buyuk Britaniyaning “Citizens Advice” deb nomlangan mustaqil xayriya tashkiloti faoliyati oʻrganildi. Ushbu tashkilot 1939-yildan buyon aholiga huquqiy masalalar boʻyicha bepul yuridik yordam koʻrsatish amaliyoti bilan shugʻullanib keladi.

Mazkur va boshqa xorijiy muassasalar faoliyatini oʻrganish asosida mamlakatimiz aholisini huquqiy axborotga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash va onlayn rejimda bepul huquqiy maslahatlar berish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish uchun 2019-yilda “Advice.uz” huquqiy axborot portali ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Portalda fuqarolarimiz kundalik hayotlarida duch kelishi mumkin boʻlgan dolzarb va zarur masalalar boʻyicha tegishli boʻlimlar mavjud boʻlib, ulardagi maʼlumotlar (kontentlar) koʻpchilik uchun tushunarli, oddiy va ravon tilda bayon etilgan.

Masalan, undan foydalanuvchilar mehnat munosabatlari deb nomlangan boʻlim va undagi bir nechta kichik guruhlardan foydalanib, zarur axborotga ega boʻlishlari yoki oʻzlarini qiziqtirgan savollarga tezda javob topishlari mumkin. Shu bilan birga, foydalanuvchilar undan mehnat munosabatlariga doir normativ-huquqiy hujjatlar, foydali havolalar, hayotiy misollar, savol-javoblar kabi zarur maʼlumotlar olish imkoniyati yaratilgan. Agar ularda boshqa qoʻshimcha savollar yuzaga keladigan boʻlsa, portalning oʻzidan turib, yaʼni, onlayn maslahatchi xizmati orqali muassasaga yoʻllashlari mumkin.

Oʻz navbatida, muassasaga kelib tushgan bunday savollar onlayn maslahatchilar tomonidan qabul qilinib, real vaqt rejimida koʻrib chiqiladi hamda murojaatchilarga tezda javoblar yuboriladi.

Maʼlumot uchun aytishimiz mumkinki, portalga bugungi kunga qadar 80 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan va ularga mutaxassislarimiz tomonidan onlayn rejimda huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilgan. Bu raqamlar, avvalambor, fuqarolarga ularning huquqiy masalalardagi barcha murojaatlari yuzasidan real vaqt rejimida bepul va malakali yuridik yordam koʻrsatilganligidan dalolat beradi.

Albatta, portal muassasamizning rasmiy veb-sayti sifatida muntazam ravishda yangilab borilmoqda. Xususan, Xalqaro rivojlanish boʻyicha AQSH Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda portalning yangi interaktiv shakli ishlab chiqilib, yana bir qator qulaylik va imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, portaldan foydalanuvchilar oʻzlarining taklif va mulohazalarini izohlar shaklida yozib qoldirishi, qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha onlayn forumda ishtirok etishi, savol-javoblarning yakuni boʻyicha mutaxassisning ish sifatini baholashi mumkin. Bundan tashqari, portalga sayt boʻyicha “aqlli” qidiruv, soʻnggi yangiliklar oynasi, muassasaning hududiy byurolari joylashuv xaritasi kabi yangi va interaktiv yoʻnalishlar kiritilgan.

Muassasamiz tomonidan aholiga, ayniqsa, joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan (kam taʼminlangan oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar) fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish maqsadida, mamlakatimiz boʻyicha 60 ta tuman (shahar)da huquqiy maslahat byurolari tashkil etildi. Ular joylarda fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha bepul maslahatlar va tushuntirishlar berish, shuningdek, tegishli huquqiy hujjatlar namunalarini taqdim etish yoki bunday hujjatlar loyihalarini tuzishda koʻmaklashish orqali ham amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda. Hududiy byurola­rimizga ho­zirgi kunga qadar 70 mingdan ortiq fuqarolar bevosita murojaat qilishgan va ularga turli huquqiy masalalar boʻyicha bepul yuridik yordam koʻrsatilgan.

Maʼlumki, respublikamizda COVID-19 virusi tarqalishi munosabati bilan joriy yilning 15-mart kunidan boshlab karantin eʼlon qilingan edi. Shu munosabat bilan, muassasa va hududiy byurolarimiz xodimlari ham masofaviy ish usuliga oʻtkazildi. Masofaviy ish usulining samaradorligini oshirish uchun, birinchi navbatda, muassasa va hududiy byurolarimiz xodimlari tomonidan fuqarolarning murojaatlari boʻyicha ularga masofadan turib (onlayn yoki telefon orqali) huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarga eʼlonlar joylashtirildi.

Ushbu davrda, fuqarolardan muassasa va hududiy byurolarimizga COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq 4000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan va ularga masofadan turib zarur huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarning aksariyat qismini karantin paytida mehnat munosabatlarini tartibga solinishi, kam taʼminlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam ajratilishi, Respublika maxsus komissiyasining qarorlari boʻyicha tushuntirish berilishi, karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi kabi masalalar tashkil etyapti.

Fuqarolarning murojaatlarida bayon etilgan dolzarb va muammoli masalalarni tahlil qilib, ularning natijasiga koʻra, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi ham faoliyatimizning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Oʻtgan davr mobaynida muassasamiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonuniga “jamoaviy murojaat” tushunchasini kiritish, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksda yengil avtotransport vositalari orqa yon oynalariga parda oʻrnatganlik uchun jarima jazosini bekor qilish, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlagan “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda belgilangan nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash muddatini uzaytirish, “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda nazarda tutilgan oliy taʼlim muassasalarini davlat granti asosida tugallagan bakalavr va magistrlarga kamida uch yil ishlab berish majburiyatini bekor qilish va shu kabi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborildi.

Muassasamiz aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish sohasida davlat organlari, nodavlat tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan ham yaqindan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib kelmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Notarial palatasi bilan aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish sohasida oʻzaro hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishuv bitimlari imzolanib, fuqarolarimiz uchun samarali boʻlgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Xalqaro rivojlanish boʻyicha AQSH Agentligi (USAID) bilan moliyaviy va texnik masalalar boʻyicha grant mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan shartnomalar imzolab, hamkorlik qilib kelmoqda.

Adliya va sud organlari bilan hamkorlikda tizimli chora-tadbirlarni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, Toshkent shahrida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yana-da takomillashtirish, odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish boʻyicha 2020-yil 19-avgustda tasdiqlangan “Yoʻl haritasi”ga muvofiq, joriy yilning oktyabr oyida muassasamiz, Toshkent shahar adliya boshqarmasi va jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi bilan hamkorlikda sud binolarida “Xalqqa bepul huquqiy yordam” xonalari, internet tarmogʻida esa “Xalqqa bepul huquqiy yordam” telegram kanali tashkil etildi. Oʻtgan ikki oy davomida adliya organlari va muassasamiz xodimlari tomonidan “Xalqqa bepul huquqiy yordam” xonalari orqali 150 nafardan ortiq fuqarolarga bepul yuridik yordam koʻrsatilgani,telegram kanali orqali kelib tushgan 500 dan koʻproq huquqiy masalalardagi savollarga mutaxassislarimiz tomonidan javoblar yuborilganligi ushbu qulaylikning samaradorligidan dalolat berib turibdi.

2021-yil davomida va kelgusi yillarda faoliyatimizni rivojlantirishga qaratilganchora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Xususan, joylarda fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha bepul maslahatlar va tushuntirishlar berish koʻlamini yana-da kengaytirish maqsadida respublikamizning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich ravishda huquqiy maslahat byurolarini tashkil etishni, yangi va zamonaviy shakldagi huquqiy axborot portalimizdan foydalanuvchilar sonini yana-da koʻpaytirishni hamda uni sifat va interaktiv jihatidan yuqori darajaga koʻtarishga tez orada kirishamiz.

Bundan tashqari, fuqarolarga, shu jumladan, xorijiy davlatlarda boʻlib turgan mehnat muhojirlariga tezkor qisqa raqamli aloqa (call center) yoki onlayn videomuloqot shaklida (face to face) huquqiy maslahatlar berish amaliyotini joriy etishni nazarda tutganmiz. Albatta, ushbu rejalarni izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida, har bir fuqaroga oʻzi yashayotgan hududda, oʻzi xohlagan paytda zarur huquqiy axborot olishi va undan foydalanishi, qolaversa, ijtimoiy hayotimizda mavjud turli huquqiy masalalar boʻyicha tezkorlik bilan malakali bepul yuridik yordam koʻrsatilishi uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Toʻlqin TURSUNOV,

“Madad” muassasa shaklidagi

nodavlat notijorat tashkiloti

ijrochi direktori