Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan “Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni madaniyat sohasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, soha vakillari zimmasidagi masʼuliyatni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur farmonda madaniyat va sanʼat sohasi taʼlimini tizimli isloh qilish, milliy musiqa va teatr sanʼati, ilmiy-tadqiqot ishlari va ijrochilik mahoratining yangi tizimini joriy qilish maqsadida muhim chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, milliy musiqa sanʼati yoʻnalishida taʼlim va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish alohida qayd etildi.
Ijrochilik mahorati maktablarining yaxlit tizimini joriy etish, bastakorlar, hofiz va sozandalar, baxshichilik sanʼati vakillarining noyob asarlari notalashtirilishi, taʼlim jarayonining uzluksizligi va uzviyligi taʼminlanib, nazariy va amaliy bilimlarni integratsiya qilish orqali maqom, baxshi va doston ijrochiligi yoʻnalishlarida isteʼdodli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish kabi vazifalar sanʼat va madaniyat sohasi pedagogikasining yuksalishida muhim omil boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Sohada muntazam amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ijodkor yoshlarning xalqaro maydonda erishayotgan qator yutuqlari misolida ham koʻrish mumkin. Yoshlarning oʻz isteʼdodini yanada shakllantirish va namoyon etishida avvalo, ustoz ziyolilar, sanʼatkor pedagoglarning mehnatini eʼtirof etish oʻrinlidir. Zotan, oʻzining hayoti va sermahsul ijodi bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib kelayotgan ustoz ijodkorlardan qancha ibrat olinsa kam. Ularning mehnatini qadrlash, faoliyatini munosib eʼtirof etish esa sohaning muntazam rivojlanib borishida oʻta muhim.
Mazkur tizimli islohotlar inʼikosi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ham aks etdi. Shu kuni Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan madaniyat va sanʼat sohasi rivojiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh ustozlar ilmiy unvonlar bilan taqdirlandi. Professor ilmiy unvoni bilan taqdirlanganlar safidan sanʼatimiz rivojiga oʻzining uzluksiz mehnati, ijodi va ilmiy salohiyati bilan hissa qoʻshib kelayotgan hamda oʻz faoliyati bilan namuna boʻlib kelayotgan ustozlar oʻrin oldi.
Ozodbek Nazarbekov, Gavhar Matyoqubova, Farrux Zokirov, Zamira Suyunova, Gavhar Zokirova, Mirxalil Mahmudov, Usmonqul Azimov, Alisher Ikromov, Soyibjon Niyozov, Omonilla Rizayev, Erkinboy Roʻzmatov, Orolmirzo Safarov va boshqa koʻplab el ardogʻidagi insonlarning ushbu roʻyxatdan joy olgani sanʼat sohasi vakillarini, ijodkor ziyolilarni, ustozlardan ibrat olib kelayotgan barcha yosh ijodkorlarni birdek mamnun etdi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qizgʻin islohotlar sanʼat va madaniyat sohasi vakillarini ham toʻlqinlantirishi shubhasiz. Darhaqiqat, madaniyat va sanʼat jamiyatning ilgʻor fikrli boʻlishi, yaratuvchanlikka intilishi, insonlarning yaxshilik va ezgulikka esh boʻlishiga taʼsir etuvchi katta kuchdir. Madaniy islohotlarning amalga oshishida sohaga qalb qoʻrini bagʻishlagan ustozlar biz uchun hamisha qadrlidir.
— Bugungi kunda madaniyat va sanʼat olamidagi oʻzgarishlar nihoyatda jadal. Sohada koʻplab iqtidorli yoshlar yetishib chiqayotgani va ular nafaqat yurtimiz, shuningdek, jahon sanʼati sahnalarida ham muvaffaqiyat qozonayotgani bizni gʻoyat mamnun etadi. Bu, avvalo, ularga taʼlim bergayotgan yetuk mutaxassislar, pedagoglar jamoasining mehnatlari samarasidir, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov.
Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dotsent ilmiy unvoni ham munosib egalariga topshirildi. Bu qatorda Jahongir Qosimov, Hilol Nasimov, Yolqin Toʻychiyev Ashurali Joʻrayev, Kamoliddin Oʻrinboyev, Kozim Qayumov, Qoʻchqor Norqobilov, Qursiya Esanova, Hamidullo Hasanov, Hurriyat Isroilova, Gulgina Zokirova, Sharapatdin Paxratdinov kabi taniqli ijodkorlar bor.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti respublikamizda taʼlimning anʼanaviy va innovatsion uslublarini mohirona qoʻllab kelayotgan, ilmiy salohiyati yildan-yilga oʻsib borayotgan yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida eʼtirof etib kelinadi. Mamlakatimiz madaniyat va sanʼat sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshishda institut professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchi olimlar va ijodkor yoshlar doim yelkadosh va hammaslakdir.
Eldor ShERMANOV,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori v.b.