Fuqaroligidan qatʼiy nazar, 16 yoshdan oshganlar, jumladan, talabalar, ijodkorlar, olimlar, tarixchilar va madaniy merosni himoya qilishga hissa qoʻshish istagida boʻlgan barchani joriy yilning 27-yanvaridan 7-fevraliga qadar boʻlib oʻtadigan tanlovda ishtirok etishga taklif qilamiz.

Eng asosiysi tanlov gʻolibiga Respublikamizning barcha muzeylari va muzey-qoʻriqxonalariga 2022-yilning yakuniga qadar 2 kishilik yoʻllanma (vaucher) hamda sertifikat taqdim etiladi.

Ishtirok etish shartlari:

- logotipning noyob versiyasini oʻylab topish va uning ahamiyatiga izoh berish;

- loyihani (oʻzbek, rus va ingliz tillarida)gi namunasini taqdim etish;

- gʻoya tavsifini info@madaniymeros.uz elektron manzilga yuborish.

Taqdim etilgan namunalar noyobligi, originalligi, jozibadorligi bilan milliy madaniy merosimiz salohiyati (tarixiy, madaniy, tabiiy va boshqalar) bilan uygʻunlashuvi hamda uning oʻziga xos jihatlarini ifodalab berishi lozim. Koʻchirilgan yoki analogi aniqlangan loyihalar qabul qilinmaydi. Tanlov eʼlon qilingan kundan ikki kun oʻtgach, Madaniy meros agentligi va Ilmiy ekspert Kengashi vakillari va taniqli tarixchilardan iborat Komissiya kelib tushgan takliflar orasidan 5 ta loyiha tanlab olinadi va onlayn ovoz berish uchun madaniymeroz_uz telegram kanaliga joylashtiriladi.

Onlayn ovoz berish natijalari boʻyicha gʻoliblar Madaniy meros agentligining barcha axborot resurslari hamda OAVda eʼlon qilinadi.

Takliflar faqat onlayn tarzda qabul qilinadi. Loyihalar ishtirokchining shaxsiy maʼlumotlari (toʻliq ismi sharifi, yoshi, ish faoliyati, yashash joyi, telefon raqami), logotip loyihasi boʻyicha taklifi, shuningdek gʻoya tavsifi va ahamiyati haqidagi izoh bilan birga taqdim etiladi. Tanlov uchun taqdim etilgan takliflar mualliflarga qaytarilmaydi.

Materiallar info@madaniymeros.uz elektron manzilga yuborilayotganda “mavzu” ustuniga “Logotiplar tanloviga” deb yozish lozim.

Tanlovda ishtirok etib, gʻolib boʻlgan taqdirda, taqdim etilgan nom variantini qoʻllashga doir mutlaq huquqni tanlov ishtirokchilariga avtomatik ravishda taqdim etiladi.

Tanlov uchun materiallar 27-yanvardan 7-fevralga qadar qabul qilinadi.